Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI 2023) gʻoliblariga noutbuklar topshirildi

Bu yil Vengriyada boʻlib oʻtgan IOI 2023 olimpiadasida Oʻzbekiston terma jamoasining ikki vakili tarixda ilk bor bronza medallarini qoʻlga kiritdi. Olimpiadada 11-sinf oʻquvchilari — andijonlik Dilyorbek Valijonov va toshkentlik Dilshodbek Xoʻjayev sovrindorlar boʻlishdi.

7-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov olimpiada ishtirokchilari va ularning murabbiylari bilan uchrashdi. Uchrashuvda kelgusi olimpiadalarga yanada puxta tayyorgarlik koʻrish masalalari muhokama qilindi.

13-sentyabr kuni Toshkent shahridagi IT Park binosida va 14-sentyabr kuni IT Park'ning Andijon filialida IOI 2023 sovrindorlari, murabbiy va ishtirokchilariga noutbuklar topshirildi.

Taqdirlash marosimida IT Park sifatli taʼlimni taʼminlash boʻlimi bosh menejeri Xumoyun Sultonov va IT Park Andijon filiali direktori Nuriddin Qodirovlar ishtirok etishdi.

Avvalroq 2026-yilda Xalqaro informatika olimpiadasi Oʻzbekistonda boʻlib oʻtishi haqida yozgan edik.

2023-09-15