Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) delegatsiyasi IT Parkga tashrif buyurdi

Xalqaro venchur kapitali bo‘yicha ekspert Maks Gurvits boshchiligidagi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) delegatsiyasi IT Parkga tashrif buyurdi.

Kun tartibidan  O‘zbekistonda venchur fondlarni rivojlantirish masalalari o‘rin oldi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistondagi post-g‘oya startaplarining soni va turi hamda ulardan eng muvaffaqiyatlilari, mamlakatimizdagi startaplarning asosiy bozorlari va rivojlanish manbalarini muhokama qildilar.

Shuningdek, O‘zbekistonda biznes g‘oyalar duch kelayotgan muammolar, mamlakatimizdagi faol xorijiy venchur investorlar yuzasidan fikr almashildi.

Ta’kidlanishicha, venchur fondlarni rivojlantirish va venchur investitsiyalarni keng joriy etish IT-sohasining mamlakat iqtisodiyotidagi ulushini oshiradi, bu esa yalpi ichki mahsulot o‘sishi va umuman aholi turmush-tarzi sifatiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha istiqbolli va ilm-fanga yo‘g‘rilgan startap loyihalarni, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va venchur moliyalashtirish sohasini yanada rivojlantirish maqsadida faol hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ma’lumot uchun:

Maks Gurvits – gollandiyalik tadbirkor va investor, venchur kapitalni moliyalashtirish bo‘yicha xalqaro ekspert.

Shuningdek, M. Gurvits:

- 120 dan ortiq texnologik kompaniyalarga 12 million yevro sarmoya kiritgan “Eleven Ventures” investitsiya kompaniyasi ta’sischilaridan biri;

- faol “biznes farishtasi” va Yevropa hamda AQShda innovatsion tadbirkorlik ekotizimlarining asoschisi.

- San-Fransiskodagi “Cross Border Angels” investorlari yirik tarmog‘ining sobiq kuratori;

- Londondagi “DataTiger” katta maʼlumotlarni qayta ishlash xizmati va yiliga ikki marta AQSh va Yevropadan 100 ta eng ilgʻor tadbirkor va investorlar toʻplanadigan “Summit Summit” forumi asoschilaridan biri;

- 2019-yildan buyon Janubi-Sharqiy Yevropadagi 100 dan ortiq kompaniyalarga 26 mln. yevro sarmoya kiritgan “Vitosha Venture Partners” jamg‘armasining boshqaruvchi hamkori;

- Bolgariya venchur kapitali assotsiatsiyasi boshqaruv kengashi a’zosi hamda Sharqiy Yevropa, sobiq sovet ittifoqi, Lotin Amerikasi va Osiyoda ko‘p yillik tajribaga ega tadbirkorlik va venchur ekotizimlarini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchi.

2022-05-26