O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan “Offshore Outsourcing Tour 2024” tadbiri doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov Xorvatiyada joylashgan “MPlus” BPO-kompaniyasining bosh operatsion direktori Hakan Saran bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida ushbu yetakchi kompaniya bilan biznes-jarayonlar autsorsingi sohasida hamkorlik qilish istiqbollari, jumladan, Osiyo va Yevropaning turli mamlakatlari mijozlariga xizmat koʻrsatish uchun Oʻzbekistonda “MPlus” kompaniyasining vakolatxonasini ochish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, “MPlus” kompaniyasi Oʻzbekistonda mijozlarga xizmat koʻrsatish markazlarini yaratishga qaratilgan loyihani rejalashtirmoqda. Loyiha dastlab 60 nafar mutaxassis bilan boshlanadi va yaqin kelajakda ularning soni 600 nafarga yetkaziladi.
2007-yilda tashkil etilgan va bosh qarorgohi Xorvatiyaning Zagreb shahrida joylashgan “MPlus” kompaniyasi biznes jarayonlarini autsorsing qilish boʻyicha global yetakchi hisoblanadi. Butun dunyo boʻylab 15 dan ortiq ofislari va $236 millionlik aylanmaga ega boʻlgan “MPlus” kompaniyasi eng soʻnggi texnologiyalardan foydalangan holda yuqori sifatli xizmatlarni taqdim etish bilan shugʻullanadi.
Ushbu hamkorlik autsorsing sohasini rivojlantirish, Oʻzbekiston IT-eksporti hajmini koʻpaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratishga koʻmaklashish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mamlakatning yangi IT-autsorsing markazi sifatidagi mavqeyini mustahkamlashga yordam beradi.
2024-03-19