Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili boshchiligidagi delegatsiya IT Parkga tashrif buyurdi

20-oktyabr kuni Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Xakala boshchiligidagi delegatsiya IT Park Uzbekistan majmuasiga tashrif buyurdi.

Delegatsiyani O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vaziri Sherzod Shermatov qabul qildi. U mehmonlarni tashkilot faoliyati, mahalliy va xalqaro kompaniyalar uchun taqdim etilgan soliq preferensiyalari va imtiyozlari bilan tanishtirdi, shuningdek, IT xizmatlari eksporti, IT-ta’lim sohasidagi loyihalar va respublikada IT infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha erishilgan natijalar haqida soʻzlab berdi.

Uchrashuv davomida Sherzod Xotamovich delegatsiya vakillariga O‘zbekistonning yangi BPO joylashuvi sifatidagi afzalliklari haqida so‘zlab berdi, mamlakatimizda barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligini va hukumat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini taʼkidladi. Shu tariqa, xalqaro standartlarga javob beradigan qonunchilik, zarur zamonaviy infratuzilma, soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, IT-ta’limni rivojlantirish va boshqalar haqida so‘z yuritildi.

O‘z navbatida Teri Xakala O‘zbekistonning sarmoyaviy va inson salohiyati ortib borayotganini ta’kidladi. Uning qoʻshimcha qilishicha, Oʻzbekistonda ITʼni rivojlantirish uchun mamlakatimizda yaratilgan shart-sharoitlar tufayli koʻplab Yevropa kompaniyalari va investorlari mamlakat bozoriga chiqish hamda mahalliy hamkorlar topishga qiziqish bildirmoqdalar.

Uchrashuv yakunida tomonlar iqtisodiyot va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga kelishib oldilar.

2022-10-21