IT Park Uzbekistan BAAdagi Missan Group kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi

IT Park vakillari MDH, MENA va Turkiyaga xizmatlar eksporti bo‘limi rahbari Azamat Rahmon-Zoda boshchiligida “Missan Group” bosh direktori va asoschisi Abu Amir bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuv Samarqandda bo‘lib o‘tgan “GCC-Uzbekistan Digital and Tech Forum” xalqaro forumidan so‘ng o‘tkazildi. Forum davomida kompaniya vakillari IT Park bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan edilar.

Missan IT Solutions — 2003-yilda Sharjada tashkil etilgan, 20 yildan ortiq tajribaga ega BAA IT-kompaniya. U biznes va davlat tuzilmalari uchun kiberxavfsizlik va bulutli maslahatlardan tortib raqamli transformatsiya va masofaviy qo‘llab-quvvatlashgacha bo‘lgan IT-xizmatlarni taqdim etadi. Kompaniya mijozlarga ma’lumotlar va jarayonlarni samaraliroq boshqarishda yordam berib, texnologiya va innovatsiyalar sohasida ishonchli hamkor sifatida faoliyat yuritadi.

Kompaniya avvalroq 23–25 iyun kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro forumda ishtirok etib, O‘zbekiston salohiyati va IT Park’ning qo‘llab-quvvatlash dasturlariga katta qiziqish bildirgan edi. Uchrashuv davomida IT Park vakillari BAA delegatsiyasining “Zero Risk” dasturi, IT-viza olish jarayoni, xodimlarni ishga olishda ko‘rsatiladigan yordam bilan bog‘liq savollariga javob berishdi. “Missan Group” vakillari “Zero Risk” dasturiga alohida qiziqish bildirdilar. Dasturning afzalliklari IT Park bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga turtki bo‘ldi.

Xorijiy rezidentlarni barcha turdagi soliqlardan to‘liq ozod qilish, xodimlarni yollash xarajatlarini qoplash, chet ellik mutaxassislar uchun viza va ishlash ruxsatnomalarini olish tartibini soddalashtirish kabi qo‘llab-quvvatlash choralariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro bozorlarga chiqish istiqbollari, malakali IT-mutaxassislarning mavjudligi va mamlakatning rivojlangan raqamli infratuzilmasini muhokama qildilar. “Missan Group”, o‘z navbatida, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi IT-hab va Yaqin Sharqda xizmatlar ko‘rsatish salohiyatining afzalliklariga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunida har ikki tomon uzoq muddatli hamkorlikka intilishini bildirdi. “Missan Group” IT Park Uzbekistan rezidenti bo‘lish va mintaqada faoliyat boshlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu esa mamlakatning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish uchun IT-hab sifatidagi salohiyatini yanada oshiradi.

2025-06-27