IT-Parkda BAA delegatsiyasi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Bugun, 16-sentyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklaridan BAA Kelajak Vazirligi delegatsiyasi eng yaxshi davlat mobil ilovalarini ishlab chiqish bo'yicha "mGovAward” tanlovini boshlash yuzasidan muzokara o’tkazish maqsadida IT-Parkga tashrif buyurishdi.

Uchrshuvda IT Park direktori Farhod Ibragimov, shuningdek, IT Parkning boshqa vakillari ishtirok etdilar. Muzokara davomida ”mGovAward” respublika tanlovini boshlab beradigan ICTWEEK 2019 doirasida 26-sentyabrga mo'ljallangan “mGovAward konferentsiyasi”, shuningdek, tanlovning boshqa masalalari borasida o’zaro fikrlar almashilindi. Muhokama qilingan mavzular yuzasidan quyidagilarga kelishib olindi: 2019-yil 1 - oktyabrdan 1-dekabrgacha O'zbekiston Respublikasining barcha viloyatlarida targ’ibot-tashviqot ishlarini o’tkazish; 2019-yil 1-dekabrdan 2020-yil 1-yanvargacha tanlovga arizalarni qabul qilishni tashkil etish; 2020 yil mart oyida musobaqaning g'oliblarini aniqlash.

"ICTWEEK UZBEKISTAN 2019" 2019-yilning 24-sentyabrdan 27-sentyabrgacha bo'lib o'tadi. Ushbu tadbir: Sammit, Forum, Ko'rgazma, matbuot anjumanlari, shuningdek boshqa ko'plab tadbirlar, taqdimotlar va aksiyalarini o'z ichiga oladi!

Eslatib o'tamiz, "mGovAward" – bu universitet talabalari orasida eng yaxshi davlat mobil ilovalarini ishlab chiqish bo'yicha respublika tanlovi bo’lib, u Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tashkil etilgan.

 

2019-09-16