Estoniya elchisining IT Parkga tashrifi

3-fevral kuni IT Parkga Toomas Tirs boshchiligida Estoniyaning Toshkentdagi elchixonasi delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Tashrifdan maqsad O‘zbekiston Respublikasi va Estoniya o‘rtasida axborot texnologiyalari va kadrlar tayyorlash yo‘nalishidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Mehmonlarni direktorning birinchi o‘rinbosari Abdulahad Kuchkarov, IT Park university bosh direktori Bohodir Ayupov, xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nigora Mirjalilova va xalqaro aloqalar bo‘limi menejeri Dildora Nasibullayeva kutib oldi.

Direktor oʻrinbosari mehmonlarga IT Park faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, ya’ni ta’lim loyihalari, rezidentlik va relokatsiya dasturlari, ayollarni IT sohasiga jalb qilish va startap loyihalari haqida so‘zlab berdi.

Yig‘ilishda IT sohasini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, qulay ishbilarmonlik muhitini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan vazifalar ko‘rib chiqildi. Xususan, IT Park o‘z rezident kompaniyalariga taqdim etayotgan erkin iqtisodiy zona, IT-ta’limni takomillashtirish va yosh IT-mutaxassis kadrlarni tayyorlash borasidagi ishlar muhokama qilindi.

Bohodir Ayupov IT Park university oliy ta’lim muassasasi faoliyati haqida taqdimot qilib, unda Yevropa onlayn-universitetlari bilan axborot texnologiyalari, ayniqsa, talabalar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik rejalariga e’tibor qaratdi.

Elchi janoblari O‘zbekistonning IT sohasidagi kadrlar salohiyatini alohida e’tirof etdi. Shu bilan birga, u Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun Oʻzbekistonda IT-kompaniyalarga yaratilgan imkoniyatlardan koʻp mamlakatlar xabardor emasligini qayd etdi va Estoniyadagi ITL IT jamiyati bilan hamkorlik qilish taklifini bildirdi.

Uchrashuv yakunlarini sarhisob qilar ekan, Elchi janoblari uchrashuvda o‘rnatilgan ochiqlik va ishonch, shuningdek, hamkorlikni mustahkamlash uchun kelgusida konstruktiv muloqot muhimligini ta’kidladi.

2023-02-06