Toshkentda IT Park filiallari rahbarlari uchun tajriba almashish dasturi yakunlandi

Toshkent shahridagi IT Park Uzbekistan bosh ofisida 12 nafar hududiy filial rahbarlari uchun tashkil etilgan bir oylik tajriba almashish dasturi yakuniga yetdi. Mazkur dastur ishtirokchilarning kasbiy malakasini oshirish, filiallar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda yagona korporativ madaniyatni rivojlantirishga qaratildi.

Dastur mazmuni

Dastur doirasida ishtirokchilar 20 dan ortiq o‘quv tadbirlarida, jumladan treninglar, seminarlar va taqdimotlarda qatnashdilar. Mashg‘ulotlar quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oldi:

- bosh ofisning asosiy bo‘linmalari tuzilmasi va faoliyat yo‘nalishlari;

- IT Park dasturlari va mehnat qonunchiligidagi dolzarb o‘zgarishlar;

- samarali muloqot, yetakchilik, suhbat o‘tkazish ko‘nikmalarini o‘z ichiga olgan boshqaruv va muloqot qobiliyatlarini rivojlantirish. 

Amaliy jihatlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Filial rahbarlari bosh ofisning rezidentlar bilan ishlash, IT-xizmatlarini eksport qilish, startaplar va venchur tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mahalliy IT-xizmatlarni rivojlantirish kabi bo‘limlari hamda “softlanding” dasturi faoliyatida ishtirok etdilar. Bu ularga ichki jarayonlar bilan amalda tanishish va soha mutaxassislari bilan tajriba almashish imkonini berdi.

Natijalar va takliflar

Dastur so‘nggida ishtirokchilar hududiy filiallar va bosh ofis o‘rtasidagi samarali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni ilgari surdilar, shuningdek, hududlarda joriy etilishi rejalashtirilgan yangi bilim va amaliyotlar haqida fikr almashdilar.

Mazkur dastur kasbiy aloqalarni mustahkamlash, umumiy strategik qarashlarni shakllantirish va IT Park Uzbekistan tizimida yagona korporativ madaniyatni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.

2025-05-01