Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vaziri Sherzod Shermatov, Ta’lim vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov va IT Park Direktori Farhod Ibragimov AQShga tashrifi davomida Coursera rahbariyati bilan uchrashdilar.
Uchrashuvda AKT Vaziri xorijlik hamkasblariga O‘zbekistonda, xususan, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, hamda, AKT sohasida amalga oshirilgan ishlar va kelajakdagi ishlar haqida so‘zlab berdi.
BAA bilan hamkorlikda Uzbekcoders.uz platformasida amalga oshirilayotgan “Bir million dasturchi” qoʻshma loyihasining mantiqiy davomi sifatida xalqaro taʼlim va sertifikatlash imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida «Coursera» bilan oʻqishni haqiqiy professional sifatida davom ettirmoqchi boʻlganlar uchun loyihani amalga oshirishga kelishib olindi.
Vazir taʼkidlaganidek, ushbu kurslarni tugatgan va sertifikat olgan yosh mutaxassislar IT-kompaniyalarda yaxshi maoshli ishga joylashishlari yoki frilanserlar orqali buyurtmalar olishlari mumkin.
Qolaversa, dunyoda IT-mutaxassislariga talab ortib borayotgani sababli, agar yoshlar astoydil o‘qib, shu sohada yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishsa, ular o‘z yurtida bemalol yashashlari, o‘z xizmatlarini iqtisodiy rivojlangan davlatlarga eksport qilishlari, yuqori daromad olishlari, keyin esa o‘z startaplarini rivojlantirishi mumkinligini ham qo‘shimcha taʼkidlab oʻtdi.
Uchrashuv davomida tomonlar platforma orqali BPO xizmatlari bo‘yicha kurslarni tashkil etish va ulardan foydalanish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar. Bundan tashqari, kelgusida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi.
2022-06-24