AKT vazirligi va Mastercard Inc. kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

20-iyun kuni Nyu-York shahrida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, Xalq ta'limi vaziri o'rinbosari Rustam Karimjonov hamda IT Park direktori Farhod Ibragimov “Mastercard” to‘lov tizimi vitse prezidenti Sami Lahud o'rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda tomonlar Mastercard bilan elektron tijorat ekotizimini rivojlantirishda ko‘maklashish, kichik va o‘rta biznes salohiyatini oshirish, shuningdek, hamkorlik platformasini yaratish, shu jumladan, onlayn to‘lovlar va boshqa sohalardagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

Shu bilan birga, vazir Mastercard Inc. global to‘lov innovatsiyalarini yaratishda yetakchi ekanligini ta’kidladi. Shu sababli Mastercard kompaniyasi elektron tijorat va elektron to‘lov tizimlarini rivojlantirishda, kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun raqamli tizimga o‘tish salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.

Yig‘ilish davomida Mastercard Inc. kompaniyasi bilan ta’lim loyihalari va kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun salohiyatni oshirish bo‘yicha hamkorlik, “Entrepreneurs Odyssey”, “MasterCard Academy” va boshqa onlayn platformalarni o‘zbek tilida ishga tushirish masalalari muhokama qilindi. Qolaversa, O‘zbekistondagi kichik va o‘rta biznes subyektlariga o‘zlarining elektron tijorat portallarini yaratishda ko‘mak berish hamda OTM talabalari uchun mahorat darslari va ma’ruzalar tashkillashtirish ham muhokama markazida bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida, AKT vazirligi va Mastercard Inc. kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

2022-06-21