IT-Park o‘z sahifalarida qiziqarli va yosh startaplar haqida xabar berishda davom etmoqda. Bu galgi sonimizda obunachilarimizni “Tumaris.Tech” dasturida ishtirok etgan startap milliy loyiha – “Growy Me” va uning asoschilaridan biri – Nadejda Ni bilan tanishtirmoqchimiz.
Nadejda yodga olganidek, loyihani ishga tushirish g‘oyasi 2019-yil oxirida paydo bo‘lgan.
“Bir guruh hamfikrlar bilan butun dunyo bo‘ylab odamlarning rivojlanishi va ko‘zlagan maqsadlariga erishishga yordam beradigan loyihani ishga tushirishga qaror qildik. Ilgari barchamiz u yoki bu tarzda rivojlanish va biznes bilan shug‘ullanganmiz. Odamlarga bo‘lgan mehrimiz “Growy Me” loyihasining boshlanishiga asos bo‘ldi.”
Growy Me - bu shaxs sifatida o‘sishni va boshqalarni rivojlantirishni yaxshi ko‘radiganlar uchun mo‘ljallangan platforma.
Unda xohlovchilar interaktiv onlayn xizmatlarni, hamfikrlar hamjamiyatini va o‘quv materiallarini topishlari mumkin, bu ularga ishni orqaga surishni yengishga va o‘zlari uchun muhimroq maqsadlarga erishishga yordam beradi.
Hozirda loyiha jamoasida 4 ta ta’sischi va 5 ta doimiy ishchi - ichki va tashqi xodimlar mavjud. Timur Azamatov - texnik direktor, Artur Pak-Vartanyan - CMO, Vyacheslav Kan - PM va Nadejdaning o'zi - bosh director (CEO).
Loyihaning maqsadi odamlarga ishni orqaga surishni to‘xtatish va ular uchun muhim bo‘lgan maqsadlarga osonroq erishishga yordam berishdir.
“Shu tariqa, odamlar o‘z hayotlarini o‘zgartirish o‘z qo‘llarida ekanligini tushuna boshlaydilar, ular ijtimoiy jihatdan mas’uliyatli, faolroq bo‘lishadi, irodasi mustahkamlanadi, buning natijasida ular atrofdagi dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirishni boshlaydilar. Ongli ravishda inson o‘z va atrofidagi muammolarga befarq bo‘lishni to‘xtatadi.”
Ruknimiz mehmoni ta’kidlaganidek, startap foydalanuvchilarga katta foyda keltiradi, chunki rivojlanish va kerakli maqsadlarga erishish tufayli foydalanuvchilar hayotga yanada ongli ravishda qaraydigan bo‘ladi.
“Bunda foydalanuvchiga yangi harakatlar qilishga undaydigan rag‘batlantiruvchi sharoitlar yaratiladi. Ushbu jarayonda u o‘z tafakkurini o‘zgartirish orqali yangi kerakli natijani oladi. Buning uchun biz IT vositalaridan va jamiyat ta’siridan foydalanamiz.”
Masalan, “Growy Me odatlarni kuzatish trekeri” – bu Telegram-bot (va tez orada mobil ilova paydo bo‘ladi), unda foydalanuvchi o‘z oldiga maqsad qo‘yadi, unga erishish uchun u kundalik vazifalarni bajarishi kerak. Shu bilan birga, agar hattoki 1 ta vazifa bajarilmasa, jarima to‘lab, oldingi natijalari nol holatga keladi.
“Agar foydalanuvchi oxiriga yetsa, u sertifikat oladi va hisobdan yechilgan jarimalar uning ichki hisobiga qaytariladi. IT va 70% konversiya darajasiga ega maxsus shartlar kombinatsiyasi tufayli foydalanuvchilarimiz o‘z maqsadlariga erishmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Nadejda.
Nadejdaning so‘zlariga ko‘ra, muvaffaqiyatli loyihani boshlash uchun quyidagi jihatlarga e’tibor berish kerak: odamlarga haqiqatan ham foyda keltiradigan va yuqori talabga ega bo‘lgan mahsulotni topish va yaratish, hamfikrlar jamoasini to‘plash, shuningdek, xalqaro kompaniyaning asosini to‘g‘ri loyihalash va yaratish.
“Bizning xalqaro loyihamiz Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan. Biz dastlab mahalliy emas, balki darhol dunyoga chiqishni rejalashtirgan edik. O‘zbekistonda startap-industriya boshlang‘ich bosqichda, ilk VClar, kovorking maydonlari shakllantirilmoqda va bularning barchasi ko‘p jihatdan IT Park tufayli amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash joizki, samarali startap ekotizimini shakllantirishdagi muhim qadam qonunchilikni o‘zgartirish yoki Qozog‘istonda bo‘lgani kabi ingliz qonunchiligi amal qiladigan alohida hududlarni shakllantirishdir. Tez orada O‘zbekistonda ham shunday bo‘ladi degan umiddaman”.
“Tumaris.Tech”da ishtirok etish loyihaga juda ko‘p foyda keltirdi, ta’kidladi Nadejda o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan. Bu yangi bilimlar, qiziqarli va ambitsiyali insonlar bilan tanishish va tarmoqni kengaytirish tufayli yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Jamoa startap uchun mablag‘ olmagan. Biroq hozirda Uzcard VC bilan muzokaralar olib borilmoqda. Dastlabki kelishuv imzolangan.
“Biz jadal rivojlanmoqdamiz. 2 yil davomida biz 4 turdagi mahsulotlarni ishlab chiqdik. Hozirda dunyoning 18 mamlakatidan mijozlarimiz va hamkorlarimiz bor va bir necha ming kishi mahsulotimizdan foydalangan. Bu yaxshi ko‘rsatkich va biz bu bilan to‘xtab qolmaymiz”.
Sohaga endi kirib kelayotgan startapchilar uchun Nadejda qiyinchiliklar tufayli to‘xtab qolmaslikni maslahat beradi.
“Mening asosiy maslahatim - MVPni imkon qadar arzon va tezroq ishga tushirish. Oddiyroq bo‘ling, dastlabki bosqichda mukammallikka intilmang. Xato qilishdan qo‘rqmang, chunki xatosiz rivojlanish bo‘lmaydi. Va, albatta, hayot va biznesda o‘xshash qadriyatlar va qarashlarga ega bo‘lgan hamfikrlarni tanlang.”
2022-09-13