Germaniyadan Oʻzbekistonga: Nima uchun hamyurtimiz IT sohasidagi faoliyatini Oʻzbekistonda boshlashga qaror qildi?

Bugungi kunda IT sohasi nafaqat butun dunyoda, balki Oʻzbekistonda ham jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Shunday ekan, IT mutaxassis boʻlib, bu sohada yuqoriga koʻtarilish uchun imkoniyatlar mavjud.  Mamlakatimiz taraqqiyotining soʻnggi yillarida shuni anglab yetish kerakki, IT sohasidagilarga imkoniyat berilsa, toʻxtashni xayoliga ham keltirmaydigan, yuqori malakali mutaxassislar soni koʻpayadi.

Dilshodbek Quryozov yurtimizdagi muvaffaqiyatli IT-mutaxassislaridan biri. U 34 yoshda, Urganch shahrida istiqomat qiladi va uzoq yillik mehnati ortidan ulkan tajribaga ega. Oʻzbekistondagi OTMni tugatgach, hech qanday qiyinchiliksiz Germaniyada oʻz faoliyatini boshlay oldi. Lekin Yevropaning eng rivojlangan va istiqbolli mamlakatlaridan birida qolish oʻrniga, u oʻz Vatani – Oʻzbekistonga qaytib, faoliyatini shu yerda targʻib qilishga qaror qildi.

Dilshod bizga bergan intervyusida nima uchun Oʻzbekistonga qaytgani, IT-mutaxasislar uchun qanday imkoniyatlar borligi, bu sohaning kelajagi va shu boʻyicha ishlash uchun oliy ma’lumotli diplom kerakmi yoki kerakmas, shular haqida gapirib berdi.

– IT sohasidagi faoliyatingizni qanday boshlagansiz va hozir nima bilan shugʻullanasiz?

– Avvaliga, TATUning Urganchdagi filialida shu yoʻnalishning bakalavr va magistratura bosqichlarini imtiyozli diplom bilan tugatdim, keyin esa Germaniyada doktorlik darajamni a’lo baho bilan himoya qildim. Hozirda TATUning Urganchdagi filialida ma’ruzalar oʻqiyman va shu bilan birga, Amerikaning kompaniyasida ishlayman.

– IT sohasidagi birinchi daromadingiz va hozir u qancha?

– Ilk loyihamni sotib, birinchi daromadimni olganimda juda xursand edim. Oʻsha payti men taxminan 120 AQSh dollari ishlaganman. Maoshim haqida darhol otamga xabar qildim. 

– Omadsizlikka uchragan vaqtlaringizda IT men uchun emas ekan degan paytlaringiz boʻldimi?

– Ha, ilgari men magʻlubiyatdan qoʻrqar edim. Keyinchalik bir qancha rivojlangan mamlakatlarga borib, u yerdagi oʻqish va ishlarni koʻrib, oʻzimga nisbatan ishonchim juda oshdi.

– Shubhalaringizni qanday yenggansiz?

– Men ingliz tilini, IT sohasini oʻrgandim va tadqiq qildim. Eng asosiysi, mehnatsevarlik va katta umidlar, oʻzingizga ishonch, hech qachon ortga chekinmaslik.

– Agar IT boʻyicha ketmaganingizda…

– Men axborot texnologiyalarisiz yoki IT-mutaxassisi boʻlmagan hayotimni tasavvur qila olmayman.

– Nima uchun Germaniyada qolib, faoliyatingizni davom ettirish oʻrniga u yerdan ketishga qaror qildingiz?

– Birinchidan, yurtimizdagi oʻzgarishlar menga qandaydir ta’sir oʻtkazdi: yorqin kelajakni koʻra oldim. Barcha sohadagi yaxshi oʻzgarishlar: ish haqi, byurokratiya darajasining qisqarishi, yaxshi ish muhiti va boshqalar ham sabab boʻldi. Eng muhimi, men gʻayratli yosh talabalarni dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi kompaniyalar yaratish, mamlakatda IT tadqiqotlarni rivojlantirish va barcha IT sohalarni xalqaro darajaga olib chiqishga oʻrgatmoqchi edim. Buning uchun Germaniyada aqlli shaharlar miqyosidagi aqlli modellashtirish va dasturiy ta’minotni rivojlantirish sohasida bir qancha xalqaro loyihalarni amalga oshirganman, ularda bizning yoshlar ham qatnashadi.

– Nima deb oʻylaysiz, oliy ma’lumotli boʻlmay turib siz IT sohasida shuncha natija va yutuqlarga erisha olarmidingiz?

– Menimcha, yoʻq. Agarda OTMlarda yuqori darajadagi bilimlar, IT va dasturlash texnologiyalari asoslari berilsa, muvaffaqiyatga erishsa boʻladi. Shundagina oliy ma’lumotli diplom yordam berishi mumkin. Shu bois universitetlardagi oʻquv dasturlarini yanada aniq yoʻnaltirish va muammoli oʻqish uslubini qayta ishlab chiqish zarur.

– IT sohasiga shubha bilan qaraydigan yoshlarga qanday maslahatlar berasiz?

– Men ularga IT bilan shugʻullanishga ikkilanmasliklarini maslahat berardim, chunki bu – bizning kelajagimiz. Busiz mamlakatimiz yuqori natijalarga erishmaydi, rivojlana olmaydi. Yaxshi natijalarga erishishning asosi – tinmasdan oʻqish va izlanish, katta rejalar tuzish, hech qachon kelajakka shubha bilan qaramaslikdir. Qattiq mehnat – muvaffaqiyat kaliti deb bekorga aytishmaydi.

Bugungi kunda Dilshod Quryozov Coding Academy IT kompaniyasining asoschisi hisoblanadi. Kompaniyaning umumiy eksport hajmi – oyiga 70 mln soʻm. Yaqin kelajakda Dilshod IT Park rezidentlari qatoriga qoʻshilish va Oʻzbekistonda dasturiy ta’minot boʻyicha yirik kompaniya tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Xulosamiz: Senda oliy ma’lumot bor-yoʻqligi ahamiyatsiz, maqsading bormi, unga intil va shundagina bari amalga oshadi.

2020-09-14