Gruziya IT kompaniyalari Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda

30-noyabr kuni IT Park majmuasida Gruziya IT-kompaniyalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir ESKZ Global, USAID va Bank of Georgia bilan hamkorlikda tashkil etildi. Uchrashuvning maqsadi – O‘zbekistonning IT-sohasiga qiziquvchi Gruziyalik IT-mutaxassislari bilan hamkorlikni rivojlantirish va kelajakda o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan iborat.

Tadbirda AKT vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova, IT Park direktorining xalqaro aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Amaliya Ergasheva, hamda, Gruziyaning Altera (kompaniya raqamli transformatsiya, veb-ilovalarni yaratish strategiyasi xizmatlarini taqdim etadi), Azry Limited (moliya institutlari va jamoat transporti uchun mahsulotlarni ishlab chiqish, taniqli UMTS, SSTS, MPS mahsulotlari va boshqalar), B2CGE (kompaniya elektron tijorat yechimlarini ishlab chiqish bilan shug'ullanadi), PAYZE (toʻlov xizmatlari yetkazib beruvchisi), Lemondo (ilovalarni yaratish, SAAS-yechimlari, o'yinlarni yaratish) va boshqa koʻplab kompaniyalar mutaxassislari ishtirok etdilar.

 

Uchrashuvda Kamola Sobirova mehmonlarni qutlab, Gruziya tomoni bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va Gruziya kompaniyalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi. Shuningdek, u mehmonlarga O‘zbekistonni mintaqaviy IT-xabga aylantirish borasidagi sa'y-harakatlari haqida so'zlab berdi.  Amaliya Ergasheva mehmonlarga IT Park faoliyati, soliq imtiyozlari va O‘zbekistonda IT-kompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida so‘zlab berdi.

Gruziya tomoni O‘zbekistonda jadal rivojlanayotgan IT bozori va AKT sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlarning ijobiy samaralarini qayd etdi. Gruziya vakillari dasturiy ta’minotni yaratish, to‘lov tizimlarini ishlab chiqish, elektron tijorat, ERP, IT xizmatlari autsorsingi va boshqalar bo‘yicha o‘z loyihalarini taqdim etdilar.

Tadbirning rasmiy qismidan so‘ng IT Park rezident kompaniyalari va Gruziya IT-kompaniyalari o‘rtasida B2B-uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv yakunida Gruziya tomoni Oʻzbekiston bozoriga kirish va Oʻzbekiston IT-kompaniyalari bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanligini maʼlum qildi.

 

2022-12-01