Joriy yilning 12-noyabr kuni IT Park’ning Toshkent filialida IT Park boshchiligida dunyoning eng yirik IT kompaniyalaridan biri boʻlgan EPAM Systems bilan hamkorlikda va 30 dan ortiq rezident kompaniyalar vakillari ishtirokida HR mutaxassislari uchun master-klass o‘tkazildi. Master-klassning asosiy maqsadi amaliy bilim va tajriba almashish edi.
Tadbirning asosiy ishtirokchilari AQSH’dan mutaxassis va EPAM Systems dasturlar va texnologiyalar bo‘yicha vise-prezidenti Niladri Roy, Belarusdagi EPAM Systems kompaniyasining kadrlar bo‘yicha direktori Oksana Proxorchuk, IT Park rahbarlari, shuningdek, 30 dan ortiq kompaniya-rezidentlari vakillari bo‘ldi.
Mahorat darsi davomida tarmoqlarni ommaviy raqamlashtirish davrida axborot texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar yetishmasligi masalasi ko‘tarildi. So‘zga chiqqanlar va tadbir mehmonlari xodimlarni boshqarishdagi zamonaviy tendensiyalar, tajribali mutaxassislarni jalb qilish uchun samarali HR yechimlarni taqdim etish va ularni kompaniyada saqlab qolish yo‘llari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Oksana Proxorchuk qanday qilib eng yorqin iste’dodlar uchun “urush” ni yutib, xodimlar uchun eng yaxshi kompaniya bo‘lish mumkinligini aytib oʻtdi. Ishtirokchilar, shuningdek, EPAM iste’dodlarni boshqarish ekotizimining qanday qurilgani va ushbu kompaniyaning HR menejerlari shunday qiyin davrda xodimlarni yollash va samaradorligini oshirish vazifalarini qanday yengishlarini bilib oldilar.
Seminar yakunida ishtirokchilar ma’ruzachilarga O‘zbekistondagi IT-mutaxassislar faoliyatini takomillashtirish va rag‘batlantirishga qaratilgan HR yechimlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarni berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ushbu tadbirlar kompaniya rahbarlariga rivojlanish, xatolari ustida ishlash va xodimlarning salohiyatini oshirishga hissa qo‘shish imkonini beradi. Mahorat darsi ishtirokchilari bunday uchrashuvlarni o‘tkazishning ijobiy tomonlarini qayd etib, kelgusida bunday tadbirlarni tez-tez tashkil etish taklif etildi.
2021-11-13