IT Park tashabbusi bilan joriy yilning 1-noyabridan boshlab “Jizzax” EIZ direksiyasi bilan hamkorlikda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligi ko‘magida “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida keyinchalik ishga joylashish imkoniyatiga ega korporativ akselerator uchun arizalar qabul qilinmoqda.
Akseleratorda “Nurli Toʻlqin Servis”,” Evergreen Agriculture”, “Mingyuan Silu Industry”, “ADM Jizzakh” va “Global Optical Communication Uzbekistan” kabi ishlab chiqarish kompaniyalarining turli biznes muammolarini hal qilish uchun innovatsion loyihalarni ishlab chiqishga qiziqqan talabalar, yosh tadbirkorlar, startap asoschilari va yosh olimlar ishtirok etishlari mumkin.
Akseleratorning asosiy maqsadi mamlakatimizdagi yirik korxonalarda biznes jarayonlarini avtomatlashtirish uchun yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion yechimlarni joriy etishdan iborat. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi jadal sur’at bilan o‘sib borayotganligi sababli bajariladigan vazifalarni soddalashtirish, jumladan, logistika, buxgalteriya hisobi, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, kadrlar tanlash va boshqa ko‘plab yangi loyihalarga talab ortib bormoqda.
“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi ishlab chiqarish korxonalari barcha manfaatdor akselerator ishtirokchilariga faoliyat va ishlab chiqarish jarayonlarini o‘rganish imkoniyatini beradi. Kelgusi 6 oy davomida navqiron avlod vakillariga yuqoridagi kompaniyalarning tajribali mutaxassislari hamroh bo‘lib, ularga startapni rivojlantirishda har tomonlama yordam ko‘rsatadilar.
Belgilangan muddat tugagach, yosh mutaxassislarga korxona rahbarlariga ishlab chiqarish ishlarini soddalashtirish bo‘yicha o‘z startap loyihalarini taqdim etish imkoniyati beriladi. Eng yaxshi loyihalar mualliflari potensial biznes yechimlarini yanada samaraliroq amalga oshirish uchun startap loyihasini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha taklif olishlari mumkin bo‘ladi.
“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi korporativ akselerator ham ishlab chiqarish korxonalari, ham loyihalarni boshqarish sohasida bebaho tajriba orttirishi mumkin bo‘lgan ishtirokchilar uchun o‘zaro manfaatli shartlarda yaratilgan.
IT sohasi jadal sur’at bilan rivojlanayotganligi sababli, ishlab chiqarish korxonalari biznes jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada samarali joriy etish uchun yosh kadrlarni jalb qilishdan manfaatdor. Yangi startap loyihalar amalga oshirilayotgan ish sifatini oshiradi, bu esa tobora kuchayib borayotgan raqobat bozorida muvaffaqiyat kaliti hisoblanadi.
Muhim! Korporativ akseleratorda ishtirok etish uchun arizani quyidagi havoladan to’ldirishingiz kerak: https://forms.gle/Ke5oXSHsB8JCGG6W8
2021-11-02