IT Park Moskvada bo‘lib o‘tgan Skolkovo “Tech Week 2021” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi

2021-yil 3-maydan 5-iyunga qadar IT Park direktorining innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Rajabov boshchiligidagi IT Park delegatsiyasi Moskvada bo‘lib o‘tgan Skolkova “Tech Week 2021” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi.

“Tech Week 2021” – bu biznes uchun ishlatiladigan innovatsion texnologiyalarga oid 3 kunlik amaliy konferensiya va ko‘rgazma hisoblanadi. “Tech Week” platformasi yiliga ikki marta Rossiyaning turli hududlaridan va xorijdan kelgan 3800 dan ortiq eng yaxshi tadbirkorlarni bir joyga yig‘adi. An’anaga ko‘ra, tadbir davomida 150 dan ortiq kompaniya biznes muammolarga yechim topishga qaratilgan texnologiyalarini namoyish etadi.

Tashrifi davomida, delegatsiya “Skolkovo” texnoparki rezidentlari bilan aloqa o‘rnatishga, Rossiya texnologik yechimlari bilan yaqindan tanishishga, konferensiyalarda qatnashishga, shuningdek, Rossiyaning tegishli bo‘limlari bilan muloqot qurishga muvaffaq bo‘ldi.

Xususan, delegatlar quyidagi kompaniyalar bilan muzokara olib bordi:

- “MVP lab” - mahsulot dizaynini ishlab chiqish hamda ularni bozorga chiqarish bo‘yicha yordam ko‘rsatadigan akselerator;

- “Smartex” - startap-loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompaniya;

- “ONLY” - analitik IT kompaniya;

- “Формула Цвета” - kompyuter grafikasi studiyasi;

- “Garpix” - yuk maydonini optimallashtirish, konteynerlar, yuk mashinalarini kuzatish va hisoblash bilan shug‘ullanadigan kompaniya;

- “O2Startup” - yuridik tomondan startaplarni qo‘llab-quvvatlash xizmati;

- “PlanForce” - xodimlarni boshqarish tizimlari;

- “SkillExpert” - mentorlik bo‘yicha ta’lim platformasi.

Ta’kidlash joizki, IT Park vakillari Strategik tashabbuslar agentligi (STA), 2035 universiteti va Internet tashabbuslarini rivojlantirish jamg‘armasi bilan ham uchrashishdi. 

Muzokaralar jarayonida tomonlar qo‘shma tadbirlar, loyihalar va xakatonlar tashkil etishni kelishib olishdi. Shuningdek, IT Park va Strategik tashabbuslar agentligi vakillari “Go Global” dasturining tuzilishi, metodikasi, amaliy samaradorligi va uni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlarini batafsil muhokama qilishdi.

Strategik tashabbuslar agentligi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv natijasiga ko‘ra,  “World AI & Data Challenge 2021” ochiq ma’lumotlar va sun’iy intellekt bo‘yicha ikkinchi xalqaro onlayn xakatonini o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi. Xakatonda IT Park O‘zbekiston nomidan ishtirok etadi. 

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil iyul oyida Strategik tashabbuslar agentligi bilan hamkorlikda “World AI & Data Challenge 2020” ochiq ma’lumotlarga ishlov berish texnologiyalari va sun’iy intellekt bo‘yicha birinchi onlayn xakaton bo‘lib o‘tgan edi. O‘zbekiston ushbu xakatonda ilk bor ishtirok etgan edi.

Strategik tashabbuslar agentligi va 2035 universiteti vakillari o'zlarining loyihalarini O‘zbekistonga integratsiya qilish hamda IT Park bilan qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan qiziqish bildirishdi.

Internet tashabbuslarini rivojlantirish jamg‘armasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, tomonlar O‘zbekiston aholisi savodxonligini oshirish va venchur moliyalashtirishni ommalashtirish  masalalarini muhokama qilindi.

Internet tashabbuslarini ribojlantirish jamg‘armasi, o‘z navbatida, O‘zbekistonda venchur faoliyati uchun ijobiy muhit yaratish maqsadida treninglar tashkillashtirish hamda konsalting xizmatlari shaklida yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini ta’kidladi.

Qolaversa, tomonlar yuqori sinf o‘quvchilarini o‘zbek tiliga tarjima qilingan Internet-tadbirkorlikka oid o‘quv kurslari bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishdi. 

Bu kabi tadbirlarda qatnashish IT Park’ga O‘zbekiston aholisi uchun axborot texnologiyalari sohasida dolzarb va ommabop yo‘nalishlarni o‘rganishi uchun ko‘proq imkoniyat va shart-sharoitlar yaratishga imkon beradi. Xususan, IT Park xalqaro hamkorlar bilan birgalikda startap, dasturlash va shu kabi boshqa sohalarda mahalliy yoshlar ishtirok  salohiyatini oshirishga yordam beradigan yirik xalqaro tadbirlar va loyihalarni amalga oshirishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida:

Strategik tashabbuslar agentligi - bu Rossiya hukumati tomonidan iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun tuzilgan avtonom notijorat tashkiloti. Xususan, ushbu tashkilot ustuvor loyihalarni ilgari surish, Rossiyada tadbirkorlik muhitini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, professional kadrlarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Kuzatuv kengashining raisi hisoblanadi. Ushbu tashkilotning asosiy yo‘nalishlaridan biri – bu moliya tashkilotlari, rivojlanish institutlari, fondlar bilan o‘zaro aloqalarni muvofiqlashtirish, yordam ko‘rsatish bo‘yicha hokimiyat bilan o‘zaro aloqa o‘rnatish hamda tizim muammolariga yechim tolishda ko‘maklashishdir.

2035 universiteti - bu raqamli iqtisodiyot sohasida malaka oshirishga qaratilgan platforma. U kompaniya liderlarini, Milliy Texnologiyalar Tashabbusi (NTI) ishtirokchilarini va yangi jahon bozorlarida faoliyat koʻrsatadigan mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan. Universitet raqamli savodxonlikni oshirish hamda boshlang‘ich tashabbuslarni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. 2035 universiteti, avvalambor, keng ko‘lamli ta’lim imkoniyatlarini taqdim etadigan, shuningdek, sun’iy intellektdan foydalangan holda to‘rt xil xizmat turini ko‘rsatadigan platforma hisoblanadi. Universitet diplom bermaydi, uning rektori yo‘q va u “raqamli universitet” modelida faoliyat koʻrsatadi.

Internet tashabbuslarni rivojlantirish jamg‘armasi - bu Vladimir Putinning taklifiga binoan strategik tashabbuslar agentligi tomonidan tashkil etilgan Rossiyaning venchur kapitali. Jamg‘arma rivojlanishning dastlabki bosqichlarida texnologik kompaniyalarga sarmoyalar beradi, akseleratsiya dasturlarini amalga oshiradi va venchur kapital sanoatini huquqiy tartibga solish usullarini ishlab chiqishda ishtirok etadi. 2013-yildan beri IIDF Rossiyaning eng faol investitsiya fondi bo‘lib kelmoqda.  Dow Jones hisobotiga ko‘ra, IIDF 2014-yilning birinchi choragidagi bitimlar soni bo‘yicha Yevropada birinchi o‘rinni egallagan. 2016-yil 12-dekabr holatiga ko‘ra, IIDF 267 ta dastlabki bosqichli kompaniyalarga sarmoya kiritdi. An’anaga ko‘ra, IIDF butun MDH bo‘ylab startap loyihalarni ribojlantirish bo‘yicha eng yirik tashkilot hisoblanadi.

2021-06-11