IT Park ofisida Xitoy delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv doirasida xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova boshchiligidagi IT Park delegatsiyasi hamda Karamay shahar partiya qo‘mitasining doimiy a’zosi va tuman qo‘mitasi kotibi Chjan Yuy boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bu nima uchun muhim?
Xitoy-SHHT katta ma’lumotlar bo‘yicha hamkorlik markazining Shinjon kichik markazi — Xitoy va Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) mamlakatlari o‘rtasida raqamli iqtisodiyot va texnologik hamkorlikni rivojlantirish uchun tashkil etilgan maxsus tuzilma hisoblanadi. Tashkilotning maqsadi — texnologik sheriklikni mustahkamlash, kadrlar salohiyatini oshirish va SHHT doirasida raqamli integratsiyaga ko‘maklashishdan iborat.
Markaz SHHT mintaqasida katta ma’lumotlar, sun’iy intellekt va bulutli hisoblashlarni rivojlantirishga ixtisoslashgan, shuningdek, startaplar va davlatlararo IT-loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Asosiy kelishuvlar
Xitoy delegatsiyasi tarkibiga Karamay bulutli hisoblash sanoat parki direktori Lyu Xani, Karamay sanoat va axborotlashtirish departamenti direktor o‘rinbosari Bay Lu, Karamay tashqi ishlar departamenti yetakchi mutaxassisi Yuan Dundun va boshqalar kirdi.
Xitoylik hamkorlar Karamayni raqamlashtirish rejalari haqida ma’lumot berdilar va Hamkorlik bo‘yicha kichik markaz faoliyati bilan tanishtirdilar. Uchrashuvning muhim natijasi sifatida IT Park Uzbekistan va Karamay bulutli hisoblash sanoat parki o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat sun’iy intellekt, startaplarni rivojlantirish va bilim almashish sohalarida hamkorlikni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, Xitoy tomoni IT Park Uzbekistan’ni 2025-yil 21–25-aprel kunlari Karamayda o‘tkaziladigan SHHT raqamli ta’lim dasturida ishtirok etishga taklif etdi. “SHHT raqamli daraxti” dasturi doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislar ilg‘or raqamli texnologiyalar bo‘yicha malakalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Keyingi qadamlar
Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, qo‘shma loyihalar va tajriba almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tomonlar imzolangan memorandumni amalga oshirish va O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida IT sohasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. IT Park Uzbekistan Xitoy texnologiya kompaniyalarining O‘zbekiston orqali xalqaro bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlashga va IT-mutaxassislarni tayyorlash dasturlarini rivojlantirishga tayyorligini tasdiqladi.
Ikki tomonlama hamkorlik O‘zbekistonning yosh IT-iste’dodlari uchun xalqaro loyihalarda ishtirok etishdan tortib, yetakchi mutaxassislar bilan amaliyot o‘tash va ta’lim olishgacha bo‘lgan yangi imkoniyatlarni ochadi. Bu mahalliy kadrlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish va jahon miqyosida raqobatbardosh mutaxassislar avlodini shakllantirishga xizmat qiladi.
2025-03-29