IT Parkda Huawei kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

11-aprel kuni IT Park rahbariyati hamda Huawei vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda IT-Park direktori Farhod Ibragimov, Huawei bosh direktori Chen Jiakai, marketing bo‘limi rahbari Vey Yonchin va korporativ biznes departamenti direktori Chen Xao ishtirok etdi.

Huawei dunyodagi eng yirik telekommunikatsiya kompaniyalaridan biridir. Bugungi kunga qadar kompaniyaning butun dunyo bo‘ylab 170 ta ofisi mavjud bo‘lib, ularda 195 mingga yaqin xodim faoliyat olib boradi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, O‘zbekiston Xitoy IT-giganti uchun Markaziy Osiyodagi ustuvor bozorlardan biri hisoblanadi. Tomonlar BPO (Business Process Outsourcing) yo‘nalishini rivojlantirish va bu boradagi hamkorlik, shuningdek, qo‘shma treninglar tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari e’tiborida ayollarni axborot texnologiyalari sohasiga jalb etish ahamiyati, inklyuziv IT-ta’lim masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tishdi. Bu borada zarur shart-sharoitlarni yaxshilash yuzasidan fikr almashilib, IT sohasini rivojlantirish uchun inklyuziv ta’limni joriy etish muhimligini ta’kidlandi.

Uchrashuv natijalari bo‘yicha kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikning bir qancha istiqbolli yo‘nalishlari, xususan, birinchi navbatda, mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirishda xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda IT kurslar tashkil etish va o‘zaro tajriba almashish belgilandi. Shuningdek, tomonlar IT Park infratuzilmasi hamda uning hududiy rivojlanishi, mobil IT-akademiyasini ishga tushirish masalasida fikr almashdilar.

2022-04-12