IT Parkda rezident-kompaniyalar bilan uchrashuv o’tkazildi

23-sentabr kuni IT Parkʼda rezident-eksportchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda AKT vaziri Sherzod Shermatov, IT Park direktori Farhod Ibragimov va “O‘zbektelekom” bosh direktori Nazirjon Xasanov ishtirok etdilar.

Tadbir 2023-yilda IT Parkʼni rivojlantirish rejasini muhokama qilish va IT-eksportni oshirish maqsadida tashkil etildi.

Farhod Ibragimov IT Parkʼning joriy faoliyati, shuningdek, tashkilot faoliyati davomida erishilgan natijalar haqida qisqacha taqdimot qildi.  Shu bilan birga, eksportga yoʻnaltirilgan rezident kompaniyalar sonining koʻpayishi qayd etildi, bunga avvalroq IT-kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ilgari koʻrilgan chora-tadbirlar yordam berdi.

Shunday qilib, 2017-yilda rezident kompaniyalar soni atigi 147 tani tashkil etdi, ulardan 15 tasi eksportchilar. Bugungi kunda bu raqam 877 ta kompaniyaga yetgan boʻlsa, ulardan 252 tasi eksportga yoʻnaltirilgan.  Xorijiy kompaniyalar soni ham oshdi: 2017-yilda 4 tadan 2022-yilda 125 tagacha yetdi.

Shu bilan birga, IT Park rezident kompaniyalari tomonidan IT-xizmatlar eksporti hajmi 73 millionni tashkil etdi va oʻsishda davom etmoqda.

Hududlarda IT-kompaniyalar sonining o‘sib borayotganini ham ta’kidlash joiz: 2017-yilda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 11 ta kompaniyani tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda 219 taga yetdi.

Ushbu natijalar IT Park rezident kompaniyalariga taqdim etilgan imtiyoz va preferensiyalar biznesning barqaror oʻsishiga yordam berishini yaqqol koʻrsatib turibdi.

Rezidentlar bilan muloqot va takliflarini amalga oshirish natijasida ko‘pgina yangiliklar joriy etildi. Masalan, IT Park rezidentlari uchun ruxsat etilgan faoliyat turlari ro‘yxatiga IT-ingliz tilini o‘rgatish, IT Park rezidentlarining xorijlik xodimlariga ish haqini xorijiy valyutada to‘lash imkoniyati kiritildi, virtual ofis ochish imkoniyati paydo bo‘ldi va boshqalar.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari IT-kompaniyalar faoliyati uchun shart-sharoitlarni yaxshilash va IT-mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan joriy loyihalar bilan tanishdilar. Ular orasida: IT Park University, xorijiy kompaniyalar va ularning xodimlarini relokatsiya bo‘yicha maxsus dastur, BPO Markazlarini ochish va boshqalar.

Uchrashuvning asosiy mavzusi kelgusi yil uchun IT-xizmatlari eksportini oshirish rejalari bilan tanishish va rezident eksportchilarning dolzarb muammolari va takliflarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.  Shu tariqa rezidentlar bilan birgalikda IT-autsorsing maktabini ochish, hamkorlarni va buyurtmalarni jalb qilish uchun xorijiy davlatlarga xizmat safarlarini tashkil etish, shuningdek, eksport qiluvchi kompaniyalar uchun o‘ziga xos konsorsiumga aylanadigan eksport korporatsiyasini tashkil etish zarurligi muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar kompaniyalarning eksport salohiyatini oshirish va jahon IT-xizmatlari bozorida mamlakat nufuzini mustahkamlash maqsadida ikki tomonlama hamkorlikni takomillashtirishni davom ettirishga kelishib oldilar.

2022-09-23