Kibersport bo'yicha "Besh tashabbus olimpiadasi" musobaqasining respublika bosqichi bo'lib o'tdi

24–25-iyun kunlari “Besh tashabbus” olimpiadasi doirasida kibersport bo‘yicha musobaqalarning respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqa Toshkentdagi Cyberium kibersport maydonida bir necha bosqichda o‘tkazildi.  Respublikaning barcha hududlaridan kelgan ishtirokchilar mahalla-tarmoq-tuman (shahar)-viloyat bosqichida CS: GO, DOTA2 (jamoaviy o‘yin) va FIFA22 va PES22 (individual) yo‘nalishlar bo‘yicha kuch sinashdilar.

Bu galgi musobaqalarda 200 dan ortiq  ishtirokchi qatnashdi.  Qayd etilishicha, eSport so‘nggi yillarda ommalashib bormoqda.  Agar ilgari kompyuter o'yinlariga bo’lgan munosabat noaniq va hattoki biroz salbiy bo’lgan bo’lsa, hozirda kompyuter o'yinlari dunyosi va unga bo'lgan munosabat sezilarli o'zgardi. Kibersport to’laqonli sport sohasi sifatida jadal rivojlanmoqda.

O‘zbekiston ham yoshlar manfaatlarini to‘g‘ri yo‘naltirishga qaror qildi. “Yoshlarning bo‘sh vaqti – yetakchining ish vaqti” tamoyili asosida yoshlar yetakchilari tomonidan yiliga ikki marta “Besh tashabbus olimpiadasi”ni tizimli ravishda o‘tkazish rejalashtirilgan.

“Besh tashabbus” olimpiadasi doirasida futzal, futbol,   voleybol, yengil atletika, stritbol,   shaxmat va shashka, badminton, stol tennisi, kiberfutbol,   jamoaviy va yakka tartibdagi strategik o‘yinlar, musobaqalar va hokazolar bo‘yicha yoshlar musobaqalari tashkil etilmoqda.

Musobaqa g‘oliblari deb topildi: eng yaxshi natija ko‘rsatgan 42 nafar ishtirokchi. Sovrin jamgʻarmasi 500 000 000 million soʻmdan ortiq mablagʻni tashkil etdi. Qolaversa, AKT Vazirligi va IT Park tomonidan vaucherlar, sertifikatlar va sovg‘alar topshirildi.

Musobaqa natijalariga ko‘ra, g‘oliblar boʻldi:

CS:GO boʻyicha:

 1. Mahalla Chorsu (Toshkent shahar)

 2. Mahalla Istiqlol (Xorazm viloyati)

 3. Mahalla Afrosiyob (Samarqand viloyati)

 DOTA2 oʻyini boʻyicha:

 1. Mahalla Qashqar (Toshkent shahar)

 2. Mahalla Paxtakor (Sirdaryo viloyati)

 3. Mahalla Uvaysiy (Samarqand viloyati)

PES22 oʻyini boʻyicha:

 1. Raimov Abdulaziz (Navoiy viloyati)

 2. Abdunazarov Murodjon (Sirdaryo viloyati)

 3. Shodiyev Shamshod (Qashqadaryo viloyati)

FIFA22 boʻyicha:

 1. Azizov Xojiakbar (Andijon viloyati)

 2. Bazarbayev Salamat (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)

 3. Bahronov Lochinbek (Jizzax viloyati)

 

2022-06-25