IT Park 2023-yilning birinchi yarmi yakunlarini sarhisob qildi. Natijalar nafaqat IT sohasi jadal rivojlanish bosqichida ekanligini tasdiqlabgina qolmasdan, ushbu tarmoqdagi muhim oʻzgarishlar ham qayd etildi.
IT Park’ning asosiy vazifalaridan biri eksportni oshirishdir, buning natijasida esa yangi bozorlar oʻzlashtirilmoqda, mamlakatga chet el valyutasi kirib kelmoqda va yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda.
Dastlabki olti oy ichida texnopark rezidentlari tomonidan 145,3 million dollarlik xizmatlar eksport qilindi. Solishtirib ko‘rganda, bu koʻrsatkich oʻtgan yil davomidan qilingan eksport hajmidan (140,9 million dollar) koʻproqdir.
Agar shunday surʼatda davom ettirilsa, yil oxirigacha 300 million dollarlik maqsadga erishiladi. Vaziyatlarning muvaffaqiyatli taqozosi bilan reja ortigʻi bilan bajarilishi ham mumkin.
Oʻzbekistonning IT-xizmatlarni koʻproq eksport qila boshlaganini mamlakatda eksportga yoʻnaltirilgan kompaniyalar koʻpayib borayotgani bilan izohlash mumkin — 1-avgust holatiga koʻra, IT Park rezidentlari soni 459 taga yetdi. Bu oʻtgan yilga nisbatan 2,2 baravar koʻpdir.
Biroq, bularning barchasi miqdoriy oʻsish boʻlsa-da, yilning birinchi yarmida sifat jihatidan ham yaxshilanish kuzatildi.
Misol uchun, agar 2022-yil oxiriga koʻra, 71 foiz bilan – Oʻzbekiston IT-xizmatlarining asosiy xaridori AQSh boʻlgan boʻlsa, joriy yilda ularning ulushi 45 foizgacha kamaygan.
Bu shuni anglatadiki, eksport geografiyasi kengaydi, Oʻzbekiston kompaniyalari yangi bozorlarga chiqdi, IT-xizmatlariga talab boshqa mamlakatlar tomonidan ham paydo boʻldi. Ular orasida Buyuk Britaniya (14%) va Yevropa Ittifoqi (8%) ulushi ham oshdi.
Bunday diversifikatsiya bir mamlakatga qaram boʻlmaslik, biznes uchun bozorlarni tezroq kengaytirish va chet eldan buyurtmalarni koʻpaytirish imkonini beradi.
Ammo eng muhim oʻzgarish tuzilmada sodir boʻldi.
BPO ning umumiy ulushi yil davomida 63% dan 20% gacha kamaydi, buning oʻrniga quyidagi eksport hajmi sezilarli darajada oshdi:
Bu juda muhim, chunki call-markazlarni autsorsing qilish kabi BPO xizmatlarini sotish boshqa, oʻyinlar va dasturiy taʼminotni ishlab chiqish esa boshqa yo‘nalish.
Xorijiy kompaniyalarning Oʻzbekistonda murakkab mahsulotlarni sotib olishga tayyorligi nafaqat mamlakatda IT-mutaxassislarining oʻrtacha darajasi oʻsib borayotganidan, balki yangi imkoniyatlar ochilayotganidan dalolat beradi. Chunki birgina “gamedev” global bozorining oʻzi taxminan 200 milliard dollarga baholanmoqda.
GameDev bilan bogʻliq holat
Sharqiy Yevropadagi MMO uslubidagi kompyuter oʻyinlarining eng yirik ishlab chiquvchilari va operatorlaridan biri hisoblangan Lesta Games kompaniyasining mahalliy boʻlimi - East Games 2022-yildan boshlab Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatmoqda.
Aynan Toshkentda joylashgan East Games kompaniyasi Google Playʼda 1 million martadan koʻproq yuklab olingan Tanks Blitz mobil oʻyinini ishlab chiqqan.
Lesta Games Oʻzbekistondagi sharoitlar bu yerda ofis ochish uchun yetarli darajada qulay boʻlganini anglagan birinchi yirik gamedev kompaniyalaridan biri boʻldi.
Oʻzbekistondagi deyarli barcha muhim IT-kompaniyalar IT Park rezidentlari boʻlganligi sababli ular koʻrsatayotgan xizmatlar hajmini mamlakat IT bozorining umumiy hajmiga ishonch bilan tenglashtirish mumkin.
Yil boshidan buyon ushbu koʻrsatkich 5,4 trillion soʻmni (taxminan 450 million dollar) tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 2,4 barobar oshdi.
Agar ushbu rivojlanish saqlab qolinsa, kelgusi yilda umumiy hajm birinchi marotaba 10 trillion soʻmdan oshadi va hatto 1 milliard dollarlik yuqori koʻrsatkichga ham erishish mumkin.
Asosiy sabab — rezidentlarning umumiy soni ortishi. Agar 2022-yil oxirida ularning soni 1123 ta boʻlsa, 1-avgust holatiga koʻra 1372 tani tashkil etgan.
Buni Oʻzbekistonda yangi IT-kompaniyalar soni tez surʼatlarda oʻsib borayotgani bilan izohlash mumkin.
Umuman olganda, “axborot va kommunikatsiya” sohasi mamlakatda eng tez rivojlanayotgan soha hisoblanadi – yil boshidan buyon undagi yangi kompaniyalarning oʻsishi 13,6 foizni tashkil etdi.
Mahalliy kompaniyalardan tashqari, xorijiy kompaniyalar soni ham koʻpayib bormoqda.
Xususan, 2022-yil oxirida IT Park rezidentlari orasidagi shunday kompaniyalar soni 156 ta boʻlgan boʻlsa, 2023-yil 1-avgust holatiga koʻra, ularning soni 219 taga yetdi.
Bularning barchasi Oʻzbekistonda hozirda amalga oshirilayotgan raqamlashtirishning umumiy tendensiyasini yaqqol aks ettiradi.
Bunga sanoatning uzoq yillar davomida turgʻun holatda boʻlganligi va IT-ni ustuvor yoʻnalishga aylantirgan yangi hukumat siyosati hamda koʻplab xorijiy kompaniyalar, tadbirkorlar va investorlarning mamlakatga koʻchib oʻtishiga sabab boʻlgan geosiyosiy vaziyat taʼsir koʻrsatmoqda.
2023-yil 1-avgust holatiga koʻra, IT Park rezidentlari tomonidan yaratilgan ish oʻrinlari soni 22 140 tani tashkil etdi. Yil boshidan buyon oʻsish 4 140 taga yetdi.
Rezidentlar orasida taʼlim kompaniyalari soni 296 tagacha koʻpaydi (birinchi yarim yillikda 89 ta qo‘shildi).
Bu ikki koʻrsatkich bir-birini to‘ldirganligi bois, birgalikda sanab oʻtilgan.
Misol uchun, yaqinda IT Park bunday rezidentlar 400 dan ortiq IT kurslarini taklif qilishlari haqida xabar berdi. Agar ularni guruhlashtirsak, deyarli yarmi — frontend, backend, fullstack kabi toʻgʻridan-toʻgʻri dasturlash tillari bilan bogʻliq.
2023-yilning dastlabki uch oyida 14300 nafar kishi oʻqishni boshladi, ulardan 5190 nafari oʻqishni muvaffaqiyatli tamomladi, 1396 nafari esa ish bilan taʼminlandi.
Bularning barchasi juda muhim, chunki bu yoʻl bilan IT-mutaxassislarining yetishmasligi masalasi hech boʻlmaganda qisman hal qilinadi. Aynan shu sababli, ta’lim markazlariga bu imtiyoz tegishli boʻlmasagan bo‘lsada, kelgusida ular IT Park rezidenti boʻlish huquqiga ega boʻlishdi.
Yilning faqat yarmi oʻtdi, ammo 2023-yil allaqachon oʻzini namoyon qilib ulgurdi.
Agar miqdoriy oʻsish oʻtgan yildayoq kuzatilgan boʻlsa, eksportdagi sifat oʻzgarishlari koʻp narsadan dalolat beruvchi yangilikka aylandi.
Oʻzbekiston yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan mahsulotlarni koʻproq eksport qila boshlagani mamlakatni yangi salohiyatda idrok eta boshlashganidan dalolat beradi.
Agar ekstrapolyatsiyaga rioya qilinadigan boʻlsa, bozorning umumiy hajmi tez orada 1 milliard dollarga yetishi mamlakatning oʻzida IT-ga boʻlgan talab tez oʻsib borayotganidan dalolat beradi.
Taʼlim rezident kompaniyalarining bozorga rezident ishlab chiquvchilar uchun kadrlar yetkazib berishlari ekotizim ishlayotganini koʻrsatadi.
Umuman olganda, birinchi yarim yillik natijalari yil boshida qilingan xulosani tasdiqlaydi – faol rivojlanishning beshinchi yilida IT sohasi jadal oʻsish bosqichiga kirdi.
Xuddi toʻrt soniya tayyorgarlik koʻrib, beshinchisida keskin oldinga siljigan avtomobilga oʻxshab.
Muallif haqida ma’lumot:
Timurmalik Elmuradov — tahlilchi, R&D mutaxassisi, “Oliy iqtisodiyot maktabi” tadqiqot universiteti magistri.
“Skartaris cho‘qqisi (https://t.me/skartariss)” - O‘zbekistondagi biznes, bozor va texnologiyalar haqidagi yetakchi Telegram-kanal muallifi.
“Univer Club Family” (Rossiya) kompaniyalar guruhi, Daryo.uz internet nashrida rivojlanish uchun mas’ul bo‘lgan, Spot.uz sayti sobiq rahbari va ta’sischisi.
2023-08-22