Namangan muhandislik-qurilish institutida yangi inkubatsiya markazi ochilishi

Joriy yilning 27-oktyabr kuni IT Park tashabbusi bilan Axborot  texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida Namangan muhandislik-qurilish institutida turli xil xakaton, ideaton va shu kabi  boshqa startup tanlovlarni o‘tkazish hamda talabalarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi inkubatsiya markazi ochildi.

Ochilish marosimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi vakillari, IT Park filiali hamda Namangan muhandislik-qurilish instituti rahbarlari ishtirok etdi.

OTMlar qoshidagi inkubatsiya markazlarida amalga oshirilayotgan dasturlar yordamida istiqbolli loyiha mualliflari mentorlar tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, tajriba orttirib bormoqda va boshqa tadbirkorlarning xatolaridan o‘rganmoqdalar.

Tadbir davomida tinglovchilar uchun IT Park, IT Markazlar, inkubatsiya markazlari faoliyati hamda o‘quv loyihalari haqida taqdimot o‘tkazildi.

Olingan bilimlarni yanada samarali o‘zlashtirish uchun imkoniyat yaratish maqsadida inkubatsiya markazi kompyuterlar, simsiz internet va uzluksiz elektr ta’minoti bilan jihozlandi. Qolaversa, talabalar uchun kutubxonalarga borish va 60 kishilik anjumanlar zalida ma’rifiy ma’ruzalarda qatnashish imkoni yaratildi.

Eslatib oʻtamiz, ayni damda respublikamiz oliy taʼlim muassasalari huzurida 24 ta inkubatsiya markazi faoliyat koʻrsatmoqda. Bu esa o‘z o‘rnida startap ekotizimini rivojlantirish, yosh startap liderlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, talabalarni o‘tkazilayotgan IT tadbirlaridan xabardor qilib turishga imkon yaratadi.

2021-11-29