17-avgust kuni Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya IT-Park faoliyati bilan tanishish maqsadida Toshkent shahriga tashrif buyurdi.
Mehmonlar qad ko’tarayotgan IT Park majmuasini ko’zdan kechirib, majmua hududi juda yoqqanini, qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilayotgani, binolarning o‘zi ham ko‘rkam, zamonaviy va qulay ekanini ta’kidladilar.
"Toshkent shahri markazidagi ushbu muhtasham majmua bir qancha ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy obyektlardan iborat bo‘lib, ularda mamlakatimizdagi axborot texnologiyalari sohasiga oid barcha tashkilot, kompaniya, korxona va mutaxassislar joylashgan. Vazirlik, IT-kompaniyalar, banklar, aloqa operatorlari, rezidentlar va, albatta, IT-parkning o‘zi bir joyda joylashishi katta qulaylik yaratadi. Bu tajribani hududlarda ham qo‘llashimiz mumkin”, dedi viloyat rahbari.
Shu kuni Shavkatjon Abdurazzoqov hamkasblari bilan Yuqorichirchiq tumanida joylashgan “Astrum” IT akademiyasida ham bo’ldi.
U yerda mehmonlarga ta’lim muassasasining asosiy yo‘nalishlari, ta’limning afzalliklari haqida so‘zlab berildi. Xususan, delegatsiya vakillariga akademiya tomonidan taklif etilayotgan “Silikon vodiysi” dasturi bo‘yicha o‘qish va kasbiy o‘sish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Muloqot ishtirokchilari hamkorlik va qo‘shma loyihalar yaratish masalalarini muhokama qildilar. Uchrashuv samarali kechdi, xususan, Namangan viloyati hokimi va “Astrum” IT akademiyasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Xususan, “Astrum” vakillari namanganlik hamkorlarga mintaqada akademiya ochishda ko’mak beradi.
"Bu borada “Astrum” IT-akademiyasi tajribasi e’tiborga loyiq. Shunday qisqa vaqt ichida u ulkan natijalarga erishdi. SHu bois Namanganda akademiyani ishga tushirishda ularning yordamiga muhtojmiz. Hamkorligimiz hududda soha rivojiga xizmat qiladi", – dedi Shavkatjon Abdurazzoqov.
Eslatib o‘tamiz, 29-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Astrumga tashrif buyurib, IT sohasi vakillari bilan suhbatlashgan edi.
Shuningdek, davlat rahbari Namangan viloyatining axborot texnologiyalari sohasidagi salohiyati va natijalarini e’tirof etib, viloyat hokimiga bir oy muddatda akademiyaga kelib, sharoit va imkoniyatlarni o‘rganib, Namangan shahrida ham shunday ta’lim muassasasini tashkil etish vazifasini yuklagan edi.
2022-08-19