20-iyun kuni Nyu-York shahrida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov EPAM Systems kompaniyasi asoschisi, prezidenti va direktorlar kengashi raisi Arkadiy Dobkin bilan uchrashdi. Uchrashuv aralash formatda o‘tkazilib, EPAM rahbari muhokamalarga onlayn tarzda qo‘shildi. Yig‘ilishda xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov, IT Park direktori Farhod Ibragimov va kompaniyaning boshqa vakillari ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda AKT sohasida malakali kadrlar tayyorlash, sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Arkadiy Dobkin O‘zbekistonda IT-kompaniyalarning ishlashi va rivojlanishi uchun ajoyib sharoit va imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, EPAM Systems rahbariyati kompaniya mutaxassislari relokatsiyasi uchun O‘zbekistonni ayni mana shu sababga ko‘ra tanlagan.
Arkadiy Dobkin, shuningdek, yaqin kelajakda O‘zbekiston butun mintaqadagi yirik IT-xabga aylanishiga ishonch bildirdi.
Shuningdek, yig‘ilishda EPAM rahbari kompaniyani yaqin yillarda O‘zbekistonda ham rivojlantirish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ayrim mamlakatlarda kompaniya to‘liq rivojlanishi uchun 10 yil kerak bo‘lsa, O‘zbekistonda bu 3-5 yil ichida sodir bo‘lishi mumkin.
O‘z navbatida, AKT vaziri EPAM Systems kompaniyasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligi hamda xorijlik mutaxassislarning O‘zbekistonda faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida barcha imkoniyatlar ishga solinishini ta’kidladi.
Tomonlar O‘zbekistonda har yili o‘tkaziladigan “EPAM Global” konferensiyasini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar. Uning doirasida EPAM Systems kompaniyasining yetakchi mutaxassislari uchun O‘zbekistonda ishlash uchun sharoit va imkoniyatlar bilan tanishish maqsadida IT-tur tashkil etiladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar yuqorida qayd etilgan barcha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonga koʻchib kelgan xorijlik IT-mutaxassislari uchun quyidagi xizmatlar koʻrsatiladi:
- IT-vizani rasmiylashtirish;
- uy-joy topish;
- relokantlar oila a’zolarini (yaqin qarindoshlarini) ta’lim muassasalariga (bolalar bog'chasi, maktab va boshqalar) joylashtirish;
- mobil aloqa va internet bilan ta’minlash;
- mamlakat boʻylab turistik sayohatlar tashkil etish.
2022-06-21