O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri “Almaty Digital Forum 2021” forumida ishtirok etdi

2021-yil 5-fevral kuni Qozog‘istonning janubiy poytaxti Olmaotada global va mintaqaviy raqamli kun tartibi, dunyo bo‘ylab raqamlashtirish sohasidagi muammolar, yechimlar va siyosatni shakllantirish hamda ularni muhokama qilishga qaratilgan asosiy platformalardan biri hisoblanuvchi “Digital Almaty” forumiga start berildi.

Forumning maqsadi - COVID-19 sharoitida raqamli kun tartibi, pandemiya davrida yangi raqamli transformatsiya strategiyalari hamda texnologiya sohasidagi yangi tendensiyalarni muhokama qilish uchun mintaqaviy va global darajada konstruktiv muloqot platformasini taminlashdir.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Mixail Mishustin, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Ulukbek Maripov, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belorus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenko va boshqalar forumning asosiy spikerlari sifatida ishtirok etishdi.

Abdulla Nig‘matovich o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan barcha sanoat tarmoqlari va sohalarga raqamli texnologiyani joriy etish bo‘yicha keng chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.

“O‘tgan yili raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat va IT ta’limni yanada rivojlantirish maqsadida bir qator strategik muhim dasturlar amalga oshirildi. Xususan, qabul qilingan “Raqamli O‘zbekiston” strategiyasiga binoan yaqin ikki yil ichida mintaqa va sanoat tarmoqlarining raqamli transformatsiyasi bo‘yicha umumiy qiymati 200 million dollarni tashkil etuvchi 280 dan ortiq ustuvor loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan”, - dedi Abdulla Aripov.

Shuningdek, Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda barcha bog‘chalar, tibbiyot muassasalari hamda 8 mingdan ziyod maktablarda optik tolali aloqa liniyalari tortilgan va yuqori tezlikdagi Internetga ulanish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun yaqin ikki yil ichida 2,5 mlrd dollar jalb etiladi. Jumladan, Toshkent, Buxoro va Qo‘qon shaharlarida uchta yangi data-markazni ishga tushirish, telekommunikatsiyalar tarmog‘ini kengaytirish, uyali aloqa tarmoqlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilganligini alohida taʼkidlab oʻtdi. Hududlardagi uy xo‘jaliklarini kamida 10 Mbit/soniya tezlikda ishlaydigan Internet bilan ta’minlash ushbu chora-tadbirlarning natijalaridan biri bo‘ladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 200 dan ziyod elektron xizmatlar taqdim etilgan va 30 milliondan ortiq elktron xizmatlar koʻrsatilgan.

Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va innovatsion yechimlarni joriy etish, shu jumladan, sun’iy yo‘ldosh texnologiyalaridan foydalanishni rivojlantirish, intellektual tizimlar va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda sanoat ma’lumotlarini raqamlashtirish uchun 600 million dollardan ortiq mablag‘ jalb qilinadi.

“Respublikada IT ta’limni rivojlantirish uchun raqamli ta’limning mutlaqo yangi vertikal tizimini yaratishga qaratilgan alohida davlat dasturi qabul qilindi”, - deya ta’kidladi Abdulla Aripov.

“Aytib oʻtish lozimki, yuqorida nazarda tutilgan taʼlim tizimi doirasida oʻtgan yilda  barcha hududlarda axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan boshlangʻich maktablari ochildi. Hozirda bunday maktablar soni 14 ta boʻlib, yangi oʻquv yili boshiga kelib 82 tani tashkil qiladi.

Hududlarda aholi o‘rtasida raqamli ta’lim va ko‘nikmalarni rivojlantirish maqsadida 100 dan ortiq IT o‘quv markazlari tashkil qilinganligi, so‘nggi 6 oy ichida ular orqali 85 mingdan ziyod talabalar o‘z bilim-ko‘nikmalarini oshirganligi, shuningdek, joriy yil so‘ngiga qadar yana 106 ta markaz ochilishi va shu tariqa respublikaning har bir viloyatida axborot texnologiyalari sohasida o‘qitish uchun imkoniyat yaratilishini ham aytib oʻtmoqchiman.

Bundan tashqari, o‘tgan yildan boshlab ishga tushgan “One Million Uzbek Coders” dasturi orqali 130 mingdan ortiq yoshlar kompyuter dasturlari bo‘yicha bilim egallashdi va shu yil oxiriga qadar ushbu dasturni maktablarda informatika fani bilan integratsiyalash hisobiga tinglovchilar sonini 300 mingga yetkazish rejamizda bor. Joriy yilda ham yoshlarning xalqaro IT sertifikatlarni olish uchun sarflangan xarajatlarning 50 foizigacha qoplab beradigan tizimi joriy etiladi. Ushbu yo‘nalishdagi ustuvor chora-tadbirlardan biri 2025 -yilga qadar mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida IT mutaxassisliklariga qabul kvotasini 5 mingdan 15 minggacha oshirishdir.”

Shuningdek, Abdulla Nig‘matovich IT sohasi va raqamli tadbirkorlik rivoji haqida gapirdi: “Respublikada raqamli xizmatlarga bo‘lgan talabning keskin oʻsdi, masalan, raqamli xizmatlarga bo‘lgan talab 2 baravarga oshdi. Elektron to‘lov tizimlaridan foydalanuvchilar soni 14 million kishiga yetdi va bu o‘z navbatida mamlakat iqtisodiy faol aholisining 70 foizidan ortig‘ini tashkil etadi.”

Yaqin kelajakdagi istiqbollar toʻgʻrisida mamlakat yalpi ichki mahsulotida raqamli iqtisodiyot ulushining 2 baravar ko‘paytirish maqsadida IT Parkʼlar ochilayotganini va ularning rezidentlariga 2028-yilgacha bir qator soliq imtiyozlari va afzalliklari  berilganligi, shu jumladan, ularni barcha korporativ soliqlardan ozod qilish, shuningdek, rezidentlar ishchilarining daromadlari bo‘yicha soliq stavkasini 7,5 foizgacha kamaytirilganligini ta’kidlandi.

2021-02-08