2021-yilning 8-14-noyabr kunlari IT Park direktori Farhod Ibragimov boshchiligidagi delegatsiya Bangladesh Xalq Respublikasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari vaziri Zunaid Ahmad Palak’ning taklifini qabul qilib, Bangladesh Xalq Respublikasining Dakka shahrida bo‘lgan Butunjahon axborot texnologiyalari kongressida (WCIT) ishtirok etdi.
Har yili “WCIT”da 2 milliondan ziyod odam, 75 mamlakat, 1500 delegat va 100 spiker ishtirok etadi. Oʻzbekiston delegatsiyasining asosiy missiyasi Oʻzbekiston bozoriga manfaatdor autsorsing IT-kompaniyalarini jalb qilish va axborot texnologiyalari sohasida mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishdan iborat boʻldi.
Delegatsiya konferensiya ishtirokchilarini O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlari, jumladan, respublika IT infratuzilmasini yaratish, shuningdek, IT Park’ning IT autsorsing, IT’ni rivojlantirish hamda taʼlim, IT kompaniyalari va startaplarni qoʻllab-quvvatlash bo‘yicha asosiy loyihalari bilan tanishtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Delegatsiya “WCIT” Butunjahon Kongressida ishtirok etishdan tashqari, yirik mahalliy tashkilotlar va IT kompaniyalar bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etishga muvaffaq boʻldi. Bangladesh Call-markazlari va autsorsing assotsiatsiyasi – BACCO, Bangladesh Amerika xalqaro universiteti (AIUB), Hi-Techpark”, “SuperTel”, “KOW”, “Digicon Telecommunication”, “Genex”, “Golden Harvest”, “Fifotech” va “Dohatec” autsorsing kompaniyalari shular jumlasidan.
Quyidagilar bilan oʻzaro anglashuv memorandumlari imzolandi:
– Bangladesh Call-markazlari va “BACCO” autsorsing assotsiatsiyasi Oʻzbekistondagi BPO bozorini tahlil qilish va mamlakat salohiyatini aniqlash uchun Bangladesh mutaxassislarini jalb qilish, shuningdek, O‘zbekistonda IT-autsorsingni rivojlantirish maqsadida Bangladesh uyushmasi aʼzolariga Oʻzbekiston BPO kompaniyalari bilan qoʻshma korxonalar yaratishda yordam va koʻmak koʻrsatish;
– IT-taʼlimni rivojlantirish, yaʼni IT sohasida kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlik boʻyicha “Hi-Tech Park” texnoparki.
Bundan tashqari, bugungi kunda O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar tufayli O‘zbekistonning mavjud IT-autsorsing kompaniyalari xorijiy kompaniyalarga muvaffaqiyatli xizmat ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar o‘rtasida o‘tkazilgan bir qator uchrashuvlar natijasida quyidagilar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi: buyurtmalarni sub-autsorsing qilish va 3D modellarni yaratish bo‘yicha tajriba loyihasini yo’lga qo’yish, tashqi bozorga ishlash uchun Bangladesh autsorsing kompaniyalarining O‘zbekistonda bir qator ofislarini ochish.
Kelgusida yuqoridagi barcha IT kompaniyalar bilan juda ko‘p murakkab ishlar rejalashtirilgan, buning natijasida 2022-yilda Bangladesh IT-kompaniyalari bilan kamida 5 ta yangi qo‘shma korxona tashkil qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, qo‘shma korxonalar ochish doirasida 2022-yilda 200 dan ortiq, 2025-yilgacha esa 500 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi, Bangladesh IT-kompaniyalari bilan birgalikda IT Park rezidentlarining pilot loyihalari ishga tushiriladi.
Shu bilan birga, axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlash uchun Bangladeshdagi Amerika xalqaro universiteti (AIUB)ning O‘zbekistonda filialini ochish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Qayd etish joizki, bugungi kunda Bangladeshda 4500 dan ortiq IT-kompaniyalar dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va IT-xizmatlari bilan shug‘ullanadi. Ushbu kompaniyalarda 300 000 dan ortiq mahalliy AKT mutaxassislari ishlaydi. Bangladeshdagi telekommunikatsiyalarni hisobga olmaganda mahalliy AKT bozorining hajmi taxminan 1,54 milliard AQSh dollariga baholanmoqda.
2021-11-16