IT Park O‘zbekistonga yashash va ishlash uchun ko‘chib kelgan IT-mutaxassislari haqida hikoya qilishda davom etmoqda.
Ruknimizning bu safargi mehmoni Aleksey Sichyov. 29 yoshli Aleksey EPAM kompaniyasida 7 yildan beri ishlaydi. U o‘z karyerasini middle developer sifatida boshlagan va hozirda Java texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritadi.
O‘tgan yilning sentabr oyida kompaniya rahbariyati Alekseyga EPAM Uzbekistan’ga resurslarni boshqarish tuzilmasini yaratish, o‘qitish va kadrlar bilan ta’minlashda yordam berishni taklif qildi.
“Toshkentga yanvar oyida keldim. Avval shaharni yaqindan o‘rganishga qaror qildim. Shahar sharqona muhitga yo‘g‘rilgan, lekin aksariyat jihatdan menga Minskni eslatdi. Toshkentda uch hafta yashab, oilam bilan tez orada ko‘chib o‘tish niyatida Minskga qaytdim”.
Oʻzbekistonda Aleksey Java boʻlimida tuzilmani yaratish, xodimlarni yollash va ularni ish joyiga moslashtirishga yordam berish, kompaniyada oʻqitish va malaka oshirish boʻyicha maslahatlar, Oʻzbekiston universitetlari bilan hamkorlik qilish masalalari uchun masʼul.
"Bir necha yil ichida biror insonning professional ma’noda oʻsishiga hissa qoʻshganingni bilish juda ruhlantiradi."
“Mamlakatda IT-sanoati juda mashhur ekanligini payqadim. Hukumat tomonidan sohani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, tub o‘zgarishlar, islohotlar haqida tez-tez ko‘rib, eshitib turaman. Bu sur’atda O‘zbekiston tez orada sezilarli darajada yangi bosqichga ko‘tarilishi mumkin”.
Suhbatda Aleksey mahalliy IT-mutaxassislarning aksariyati o‘z sohasining professionallari ekanligini, ingliz tilini yaxshi bilishi, texnologik innovatsiyalarga qiziqishi, ta’lim va kommyuniti tadbirlarida qatnashishini ta’kidladi.
Mamlakat qahramonimizda ijobiy taassurot qoldirdi.
“Ko‘chalar ona shahrim ko‘chalariga o‘xshaydi. Hamma Minsk yashil manzarali shahar ekanligini aytadi. Toshkent undan-da ko‘kalamzor ekan. Har safar derazadan qaraganimda manzaraga boqib, ko‘zim to‘ymaydi.”
Aleksey O‘zbekistonliklarni ko‘ngli ochiq, do‘stona, kirishimli, tirishqoq, xushmuomala deya ta’riflaydi. U hech qachon odamlarning bir-biroviga qo‘pol munosabatda bo‘lganini ko‘rmaganini ta’kidladi.
Yashovchi odamlarni juda yaxshi ko‘radi ––tan oladi. Qahramonimiz, shuningdek, mamlakatda bolalarga bo‘lgan alohida munosabatga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, bu yerning xalqi bolajon, jajji bolajonlar diqqat-e’tiborda, izzatda.
Aleksey Toshkentdan tashqari Samarqandni ham ko‘rishga ulgurdi. Keyingi manzil – Buxoro va Xiva.
“Universitetdagi ko‘plab o‘rtoqlarim va kursdoshlarim Toshkentga ko‘chib o‘tishdi, biz birga mamlakat bo‘ylab sayohat qilishni rejalashtirganmiz”, - deydi qahramonimiz. — Samarqand hayratlanarli shahar: Bibixonim, Registon, Amir Temur maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi... Shahar tarix va qadimiylikka shu qadar burkanganki, so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi, ko‘rish va zavqlanish mumkin xolos. Samarqandni Sharq marvaridi deb atashlari bejizga emas ekan.
Aleksey o‘zbek oshxonasini ta’riflar ekan, ikkita asosiy so‘zni aytdi: “aql bovar qilmaydigan darajada mazali”. Qahramonning e’tirof etishicha, Toshkentda birinchi marta uch hafta qolib, Minskka qaytib kelganida, u darhol o‘z ona shahridagi o‘zbek kafesiga borib, somsa yeydi. Lekin... Toshkentning o‘zida somsa mazaliroq.
“Menimcha, O‘zbekistonda, qanchalik urinmang, bemaza taom topa olmaysiz. Do‘stlarimga, agar ular kelib o‘zbek taomlarini tatib ko‘rsalar, ajoyib mahalliy taomlarning ta’mini abadiy eslab qolishlarini aytdim”.
Aleksey esda qolarli tassurotlardan sharqona bozorlarda unga sotuvchilar “aka” deb murojaat qilishlarini, uni biror narsani kiyib, tatib ko‘rishga undashlarini, savdolashish gashtini so‘zlab berdi.
“Bozorlar toza va ozoda. Quritilgan mevalar va umuman, mevalar shunchalik mazaliki, uni ta’rifga til ojiz. Sumalakni tatib ko‘rishga ham ulgurdik, oilamizda barchaga yoqdi”.
Alekseyning uch yoshli o‘g‘li ham bor. Hozirda u o‘g‘liga uyiga yaqinroq manzilda bolalar bog‘chasi qidirmoqda.
“O‘g‘lim bu yerdagi bolalar bilan do‘stlashishga ulgurdi. U juda xursand. Havo issiq, bu yerda u sevgan mevalar juda ko‘p. Rafiqamga ham Toshkent yoqdi. Yozni sabrsizlik bilan kutyapman, Toshkentda yoz qanday bo‘lishini bilmoqchiman ", deydi qahramonimiz.
Hozirda Alekseyning o‘zbek tilini o‘rganish niyati bor. U o‘zbek tilida bir-ikki og‘iz so‘zlasha oladi va hamkasblari bilan muloqotda o‘rganganlarini qo‘llashga harakat qilmoqda.
“Men muloqot uchun asosiy iboralarni o‘rganmoqchiman. O‘zbekistonni barcha do‘stlarimga tavsiya qilib kelaman. Onam shu yerga ko‘chib kelib, keksalik gashtini O‘zbekistonda surishni o‘ylayapti (kuladi). Bu tashrif buyurishga arzigulik go‘zal mamlakat”, — deya qo‘shimcha qiladi Aleksey.
2022-06-01