Plug and Play kompaniyasi yaqin orada O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochadi. Bu haqida 24-iyul kuni Astrum IT-akademiyasida bo‘lib o‘tgan har yilgi “IT Park Rewind 2022” konferensiyasida ma’lum bo‘ldi.
Boshqaruvchi direktor Sasha Karipur va korporativ hamkorlik bo‘yicha menejer Feliks Lammers konferensiyada o‘z nutqlarida dunyodagi eng yirik startap akseleratori faoliyati, O‘zbekistonda venchur investitsiya bozorini rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlarda startaplarni tanlash va ularga sarmoya kiritish jarayonlari haqida so‘zlab berdilar.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Respublikasi AKT Vazirligi ko‘magida IT Park va “AloqaVentures” kompaniyalari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida “Plug and Play” ofisi ochiladi. Dastur doirasidagi hamkorlikning dastlabki bosqichi quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi: moliyaviy texnologiyalar, sug‘urta va korporativ texnologiyalar, hamda, ta’lim.
Yangi lokatsiya mahalliy korporatsiyalar uchun startaplar bilan yaqindan hamkorlik qilish uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratishga, qolaversa, mintaqada startap ekotizimining rivojlanishini tezlashtirishga yordam beradi.
Plug and Play bilan hamkorlik, shuningdek, startaplarning xalqaro bozorga kirishga yordam beradi, chunki ular butun dunyo bo‘ylab 40 dan ortiq manzildan iborat global tarmoqqa kirish imkoniyatiga ega boʻladilar.
O‘zbekistonda Plug and Play ofisining ochilish marosimi shu yilning kuzga mo‘ljallangan. Ishga tushirilgandan soʻng eng istiqbolli startap loyihalari tanlab olinadi, ular akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish va yirik korporatsiyalar bilan aloqa oʻrnatish orqali ularning oʻsishiga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning 2-may kuni IT Park Direktori Farhod Ibragimov Germaniyaning Shtutgart shahridagi “Plug&Play” ofislaridan biriga tashrif buyurib, u yerda “Plug&Play EMEA”ning hamraisi Sina Amidi, Sasha Karimpur va Feliks Lammers bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida tomonlar yangi platforma ochish masalasini muhokama qilishdi. Natijada rejalar tasdiqlandi va takomillashtirildi, endi esa “Plug&Play” kompaniyasi Toshkentda rasman oʻz vakolatxonasini ochmoqda.
Ma’lumot uchun: “Plug&Play” – bu startaplar, korporatsiyalar, venchur kapital firmalari, universitetlar va davlat idoralarini birlashtiradigan yetakchi innovatsion platforma. Kompaniya beshta qitʼada 40 dan ortiq joyda faoliyat yuritadi va shtab-kvartirasi Silikon vodiysida joylashgan.
“Plug&Play” korporativ innovatsion dasturlarni taklif qiladi va korporativ hamkorlarga innovatsion sayohatlarining har bir bosqichida, oʻrganishdan tortib amalga oshirishgacha yordam beradi. Shuningdek, ular startap akseleratorlarini boshqaradilar va tarmoqlar boʻylab innovatsiyalar yaratish uchun oʻzlarining venchur kapital fondlarini tashkil qiladilar, ular Dropbox, Guardant Health, Honey, Lending Club, N26, PayPal va Rappi kabi 1000 dan ortiq muvaffaqiyatli kompaniyalarga sarmoya kiritdilar.
2022-08-05