Startup Story rukni ostida muvaffaqiyatli loyihalar haqidagi hikoya qilishda davom etamiz. Bu galgi qahramonimiz “Mentor Me” loyihasi asoschisi Abubakr Abduvohidov.
22 yoshli Abubakr Toshkent shahridagi Amiti universitetini tamomlagan va EPAM Systems kompaniyasida dasturiy ta’minot muhandisi sifatida faoliyat yuritadi.
2021-yilda u ustoz-murabbiylar hamda shogirdlar ishini sezilarli darajada osonlashtirishga mo‘ljallangan startap-g‘oya, “Mentor Me” murabbiy va shogird izlash platformasini o‘ylab topdi.
Qahramonning aytishicha, g‘oya to‘satdan paydo bo‘lgan.
“2021-yilda men dasturlash bo'yicha o'z o'quv kursimni yo'lga qo'ydim. Kursni bitirgan talabalarim nufuzli kompaniyalarga ishga kirdi. Shu bilan birga, talaba va abituriyentlarning aksariyati o‘qishga qabul qilish, kasb yoki ta’lim muassasasini tanlash masalalarida yordam so‘rab murojaat qildi. “EPAM”kompaniyasiga kelganimda, ularda mentorlik tizimi borligini ko'rdim, shundan so'ng butun dunyo bo'ylab mentorlik yo'nalishini o'rganishni boshladim. Aynan mana shu loyihani yaratishga turtki bo'ldi.
Mentor Me – bu ustoz va murabbiylarni o‘z shogirdlari bilan bir joyda birlashtirgan platforma bo‘lib, ularga kerakli natijalarga erishishda yordam berish uchun o‘zaro munosabatlarni osonlashtiradigan o‘ziga xos hamjamiyatdir.
Abubakrning soʻzlariga koʻra, loyihadan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistondagi yetakchi mutaxassislar soni va sifatini 2 barobarga oshirish, shu orqali ularning daromadlarini ko‘paytirishdan iborat.
“Startap biznes va AKTning turli sohalaridagi tajribali mutaxassislar xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini beradi. Biz murabbiylar sonini va ularning iqtisodiyotning turli sohalariga jalb etilishini ko‘paytirishni, ustoz va shogirdlarni bog‘lovchi platformaga aylantirishni maqsad qilganmiz”.
Hozir loyiha jamoasi 5 kishidan iborat: Abubakr - bosh direktor, butun jarayonni boshqaradi, Ramziddin - jarayonlarni boshqaradi va g'oyalar ustida ishlaydi, Xayrullo - UX mutaxassisi va tahlilchisi, Saidkamol - UI dizayneri, Xabibullo – frontend-dasturchi.
Jamoaning asosiy vazifasi - mutaxassislarga murabbiylik imkoniyatlarini taqdim etish orqali yordam berish, shogird tushishni xohlovchilarga esa ularning professional ma’noda o‘sishlari uchun zarur imkoniyatlarni yaratish.
Loyihani amalga oshirishda eng qiyini nima bo'ldi?
Abubakr ta’kidlashicha, startapni ishga tushirish jarayonidagi qiyinchiliklar uning ajralmas qismidir.
“Birinchi marta hamma narsa oson va silliq kechmasligi tabiiy. “ Mentor Me”ni ishga tushirganimizda, biz uchun eng qiyin narsa maqsadli auditoriyani aniqlash, biznes modelini yaratish va odamlarni topish edi. Lekin biz uddaladik, asosiysi bir joyda to'xtab qolmaslik».
Abubakr aytishicha, hozirgacha ularning jamoasi jami 11 000 AQSh dollari miqdoridagi grantlarni qo'lga kiritgan.
“Bizga bir nechta grantlarni yutib olish nasib qildi. Endi ushbu grantlardan loyihamizni ishlab chiqish va marketing uchun foydalanamiz, chunki ular startaplar faoliyatining asosiy nuqtalaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, mablag'lar saytni rivojlantirish va reklama uchun sarflanadi”
Jamoa bu bilan to'xtab qolmoqchi emas. Ular startapni yanada rivojlantirishni va kelajakda o'z faoliyatlarini kengaytirishni maqsad qilishgan.
“O'ylaymanki, har bir loyiha kun kelib “endi oldinga harakat qilish kerak” degan nuqtaga yetadi. Hali bizni oldinda qanchadan-qancha qiziqarli tajribalar kutmoqda, umid qilamizki, loyiha nafaqat O‘zbekistonda, balki chet elda ham muvaffaqiyatga erishadi.”.
Abubakr sohaga endi kirib kelayotgan mutaxassislarga tajrib o‘tkazishdan qo‘rqmaslikni va muammolarni hal qilishning yangi usullarini izlashni maslahat berdi.
"Nima bo'lishidan qat'iy nazar, taslim bo'lmang. Xulosa qiling, yechimi mavjud bo'lmagan muammoni hal qilishga urinmang, o‘zingiz uchun yangi narsalarni , yangi imkoniyatlarni izlang."
Mentor Me
2022-08-09