Toshkentda “Computer Vision AI Challenge” xakatoni bo‘lib o‘tmoqda

24-26-iyun kunlari Toshkent axborot texnologiyalari universitetida mahsulotlar yaratish bo‘yicha “Computer Vision AI Challenge” hakatoni o‘tkazilmoqda.

Ochilish marosimida BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Doyna Muntyanu, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, IT Park direktori o‘rinbosari Jahongir Rajabov, TATU rektori Baxtiyor Mahkamov ishtirok etdi.

“Computer vision” (kompyuter ko‘rish texnologiyasi) - bu sun’iy intellekt yo‘nalishi bo‘lib, u kompyuterlarga raqamli kamera tasvirlari, video va chuqur o‘rganish modellari yordamida obyektlarni aniqlash, tasniflash, atrof-muhitda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni yoki predmetlarni sharhlay olishni o‘rgatadi. Obyektlarni takroran ko‘rgach kompyuter ularga muayyan “munosabat” bildiradi.  

Hakaton doirasida ishtirokchilar 3 kun ichida axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar yordamida “computer vision” texnologiyalari asosida o‘zlarining raqamli mahsulotini yaratadilar. Bitta jamoada ishtirokchilarning maksimal soni 3 kishini tashkil qilishi lozim.

Xakatonda qatnashish uchun respublikaning barcha viloyatlaridan jami 290 kishi ro‘yxatdan o‘tdi. Ta’kidlash joizki, ular orasida ayol-qizlar soni anchagina.

Musobaqa yakunida ishtirokchilar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadilar.

2022-06-24