Xalqaro IT kompaniyalar rahbarlariga yangi ochilgan IT Park Uzbekistan binolaridagi sharoitlar taqdim etildi va ular bilan hamkorlik istiqbollari bo‘yicha fikr almashildi

Joriy yilning 27-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida qurilgan yangi binolarning holati bilan yaqindan tanishgan edi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining yangi qurilgan binolarida xalqaro IT kompaniyalar talablariga mos bo‘lgan sharoitlar taqdimotida qatnashib, ularning rahbarlari bilan O‘zbekistonda AKTni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari haqida fikr almashdi.

Mazkur uchrashuvda “VEON Group”, “Huawei Technologies”, “EPAM Systems”, “Lesta Studio”, “Visa International”, “Global Optical Communication Co.”, “Toyota Tsusho Corporation”, “Tietoevry”, “VisionLab”, “Yandex”, “Winncom” “ISKRATEL”, “BS/2”, “ZTE Corporation” kabi bir qator yirik xorijiy IT kompaniyalar va Bangladesh – Amerika xalqaro universiteti vakillari IT sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va takliflari bilan ishtirok etdi.

Hozirda IT sohasi dunyo iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biriga aylanib, barcha sohalarning barqaror o‘sishiga xizmat qilib kelmoqda.

2017-yildan buyon aynan IT sohasiga alohida e’tibor qaratilib, strategik muhim qarorlar qabul qilinmoqda. Bunda axborot texnologiyalari sohasi subyektlari uchun bir qator imtiyoz va qulayliklar yaratildi.

Xususan, tegishli qaror bilan IT Park tashkil etilgan va uning rezidentlari 2028-yilga qadar barcha turdagi soliq to‘lovlaridan hamda o‘z ehtiyojlari uchun texnika olib kirishda bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan.

 

“Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonni mintaqaviy IT markazga aylantirish vazifasi belgilab berilgan. Buning uchun mamlakatimizda IT kompaniyalar va ularning xodimlariga qulay va imtiyozli soliq rejimi joriy etilgan, inson kapitalini rivojlantirish va yoshlarni malakasini oshirish bo‘yicha IT sohasidagi oliy ta’lim muassasalari hamda nodavlat o‘quv markazlari soni kun sayin ortib bormoqda. IT uchun yetarli infratuzilma, jumladan Zangiota tumanida qurilgan “Elektron hukumat” tizimi ma’lumotlarini saqlash va qayta ishlash yagona markazi va IT Park binolari ishga tushirildi. Bu esa siz kabi jahonning IT kompaniyalari vakillari uchun O‘zbekistonda o‘z bo‘limlarini kengaytirib, ko‘proq yoshlarimizni xalqaro loyihalarga jalb qilishga imkoniyatlarni ochadi”, – dedi Bosh vazir A. Aripov mutaxassislar bilan muloqot chog‘ida.

Hozirgi kunda IT Park rezidentlari soni 800 tani tashkil etib, ular tomonidan eksport qilingan IT xizmatlar hajmi 62 million dollarga yetkazildi.

Eksport qilingan IT xizmatlarning 85 foizi AQSHga, qolgani esa Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Birlashgan Arab Amirliklari va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlatlariga to‘g‘ri keladi.

IT sohasida yaratilayotgan imtiyozlar va qulayliklar natijasida O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan xorijiy kompaniyalar va yuqori malakali mutaxassislar soni keskin oshib bormoqda.

Xususan, joriy yilning o‘zida 50 ta yirik xorijiy IT korxonalarning vakolatxonalari tashkil etilib, minglab xorijlik yuqori malakali IT mutaxassislar O‘zbekiston bozoriga kirib keldi.

Hozirgi kunda ularga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Misol uchun, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, IT Park tomonidan xorijiy kompaniyalarga O‘zbekistonda o‘z ofis va filiallarini tashkil qilishda “Yagona darcha” tamoyili asosida yuridik va konsalting xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha alohida dastur yo‘lga qo‘yildi.

Bunda, xorijiy kompaniyalarga O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq yuridik shaxs tashkil qilish, ularning mutaxassislari uchun uy-joy topish va IT Park rezidenti bo‘lib, bir qator imtiyoz va preferensiyalardan foydalanishda tezkor yordam ko‘rsatilmoqda.

Muloqot chog‘ida ishtirok etgan xorijiy IT kompaniyalar rahbarlari va vakillariga mazkur yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirib, O‘zbekistonni mintaqaviy IT markazga aylantirishda o‘z hissasini qo‘shish bo‘yicha takliflar berildi.

O‘z navbatida, barcha IT kompaniyalar va mutaxassislarning fikr va mulohazalari tinglandi.

2022-08-30