Bekzod Sobirov: how to write a book using ChatGPT and bring it to the European market

Texnologiya sohasi bir joyda to‘xtab turgani yo‘q. Taraqqiyot shiddat bilan olg‘a siljir ekan, bugungi kunda inson sun’iy intellekt yordamida yangidan-yangi narsalarni ixtiro qilishi ajab emas.

ChatGPT yordamida kitob yozgan mehmonimiz 20 yoshli Bekzod Sobirov ham aynan mana shu yo‘lni tanladi. Bu haqda quyida batafsilroq izoh beramiz.

IT sohasiga qiziqish qanday paydo bo‘ldi?

Bekzod Navoiy shahrida tug‘ilib o‘sgan. Birinchi va yettinchi maktabda o‘qigan. Hozir Toshkent moliya instituti sirtqi bo‘limining “Bank ishi, audit” yo‘nalishida tahsil olmoqda.

“11-sinfda karantin tufayli masofadan turib o‘qiganmiz. Men universitetga kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edim va hech qayerga borishning deyarli imkoni yo‘qligi sababli bo‘sh vaqtimda teleseriallar tomosha qilardim. Kunlardan bir kun “Kremniy vodiysi” serialiga duch keldim, u shunchalik qiziq ediki, bir nafasda tomosha qildim. Keyin Yuriy Dudning YouTube kanalida "Dunyoning IT poytaxti qanday tuzilgan" nomli to‘liq uch soatlik film chiqdi. Bu yuragimda shu qadar shijoat uyg‘otdiki,  men aynan startaplar va venchur kapitali bilan shug‘ullanishni xohlashimni anglab yetdim.

Dunyoni o‘zgartirayotgan insonlar meni ilhomlantiradi, chunki o‘zim ham dunyo tarixida iz qoldirishni orzu qilaman, bundan tashqari, doimo shahrim va davlatim uchun foydali ish qilishni xohlaganman”.

Karantin cheklovlari olib tashlanganidan so‘ng, Bekzod universitetga kirish uchun Toshkentga yo‘l oldi.

“Universitetga qatnab o‘qidim, lekin u yerda men uchun unchalik qiziq emas edi, o‘zimni rivojlanmayotgandek his qilar edim. O‘qitilayotgan fanlar men xohlagandek emas edi. Keyin AloqaVentures borligi haqida bilib oldim. Yo‘nalishim bank ishi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun “Aloqabank”ga borib, “AloqaVentures”da amaliyot o‘tashim mumkin edi”.

Hozirda nima bilan mashg‘ulsiz?

Hozir Bekzod Uztelecomda raqamli ekotizimni rivojlantirmoqda.

“Uztelecomga startaplar, venchur kapitali bilan aloqador odamlar kerak. O‘zbekistonda hozirgacha bu ishni qiladiganlar unchalik ko‘p emas. Bundan tashqari, men venchur skaut sifatida ishlayman va Activat.vc xususiy qozoq venchur fondiga yordam beraman.

O‘zimni omadli deb hisoblayman, negaki ustozim Denis Kalishkindan ko‘p narsani o‘rgandim. U Amerika venchur fondida ishlaydi va bu sohada rivojlanishimga yordam bermoqda.

Men nafaqat O‘zbekistondagi balki ko‘plab startaplar va deyarli barcha venchur fondlarni bilganim uchun menga mutaxassis sifatida ishonishadi va ekotizimni rivojlantirish uchun bu yerga taklif qilishgan”.

Bizga skautlik kasbi haqida so‘zlab bersangiz

Venchur skauti istiqbolli startaplarni dastlabki bosqichda aniqlash bo‘yicha mutaxassis bo‘lib, ularni venchur kapital kompaniyalariga topshiradi.

Skaut - bu venchur kapital fondi va startapning ishonchli vakili. Venchur fondlari startaplarni mustaqil izlashlari mumkin. Ammo muammo shundaki, startaplar juda ko‘p, hamma bilan gaplashishingiz, ulardan intervyu olishingiz kerak. Bu uzoq jarayon va venchur kapital fondlari har doim ham hamma bilan gaplashish imkoniga ega emas.

“Men skaut sifatida ularni topaman va hamma bilan muloqot qilaman. Agar men ushbu startaplar fond uchun mos ekanligini ko‘rsam, men ikki tarafni bog‘layman. Tabiiyki, birinchi navbatda bozorni va startapning venchur fondiga muvofiqligini baholayman.

Skaut kasbi MDH mamlakatlari uchun kamdan-kam uchraydigan kasb, ammo global venchur kapital bozorida ancha talabgir.  O‘zbekistonda bor-yo‘g‘i 1-2 ta skaut bo‘lsa kerak”. 

O‘z startapingizni yaratdingizmi?

“Men fond bozoriga qiziqqanim uchun fond bozori haqida startap qildim. Birjadagi har bir kompaniya barcha aksiyadorlar va investorlarga butun moliyaviy hisobotlarni o‘z ichiga olgan papkani berishi shart. Men Toshkent Respublika fond birjasida oxirgi besh yil ichida topgan hamma kompaniyalarning barcha hisobotlarini oldim, ularni Excelga yukladim va keyin turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha tahlil qildim, masalan, P / E - bu investitsiyalaringizni necha yildan keyin o‘zini oqlab foyda keltirishini ko‘rsatadi.

So‘ngra men ushbu kompaniyalarning barcha ko'rsatkichlari bilan infografika tuzdim. Bu foydali bo‘ladi deb o‘yladim, ammo muammo boshqa narsada ekani ma’lum bo‘ldi: bozor juda kichik”.

Startap istiqbolli ekani qanday mezonlar asosida aniqlanadi?

Birinchi mezon, deydi Bekzod, pitching, ya’ni inson o‘z loyihasini taqdim etishga qancha vaqt sarflagani va mahsulotni qanday taqdim etgani. Bu uning nimaga e’tiborini qaratayotganini tushunishga yordam beradi, chunki agar taqdimot bir necha soat ichida qilingan bo‘lsa va brend dizayni bo‘lmasa, unda startap asoschisi investorlar bilan muzokaralar olib borishga tayyor emas.

Taqdimot - bu startapning tashrif qog‘ozi. Agar u hech qanday shaklga ega bo‘lmasa yoki quruq raqamlardan iborat bo‘lsa, uni o‘qishda davom etishni xohlamaysiz.

Ikkinchi mezon - bu bozor.

“Agar startapchilar o‘z bozorini qanday hisoblashni bilmasalar, qanday qilib bozorga kirishlari mumkin? Mening startapim misolida aytsam, mening bozorim kichik edi, aynan shu yerda xato qildim, hisoblay olmadim. Kichik bozorga misol: startap internetga chiqqan holda dunyodagi eng aqlli changyutgichlarni ishlab chiqaradi. Ammo bu kimga kerak? Ko‘p odamga emas, albatta.”

Uchinchi mezon esa, albatta, jamoadir.

“Hamma ham nimanidir ixtiro qilishi mumkin, lekin uni hamma ham tadbiq eta olmaydi. Startapga jamoa aynan shu maqsadda zarur.

Agar jamoa zaif bo‘lsa, startap servisi ham past bo‘ladi”.

ChatGPTga qanday qiziqib qoldingiz?

Rukn mehmoni e’tirof etganidek, u neyrotarmoqning tendentsiyasi tufayli ChatGPT bilan ishlashni xohladi.

“Insoniyat tarixidagi eng katta, shov-shuvli texnologik tendentsiyadan foydalanishim kerak deb o‘yladim. Kitob yozish fikri o‘z-o‘zidan keldi, bu haqda oldin o‘ylamaganman.

Men kimdir shunga o‘xshash ishlarni qilayotganini ko‘rdim va o‘yladim, “men ham sinab ko‘rsammikan?” deb. Turli mamlakatlardan yig‘ilgan mutaxassislar ishtirok etgan chatlardan birida kim qo‘shilishni xohlashini so‘radim. Turli mamlakatlardan bir nechta yigitlar javob berishdi, shu tariqa men 7 kishidan iborat jamoa tuzdim.”

Dastlab, bolalar uchun ertak rejalashtirilgan edi, lekin u axloqiy qadriyatlar haqida kitob bo‘lib chiqdi.

“Bu 12+ yosh toifasidagi masal bo‘lib chiqdi, chunki bu yoshda inson hayotga ongliroq yondashadi. Ertak sun’iy intellekt tomonidan yozilgan va malakali mutaxassislar tomonidan tahrirlangan.

Ertak Humo qushi haqida. Nega Humo? Qahramon haqida o‘ylar ekanman, uni o‘zbek xalq og‘zaki ijodi bilan yaxshi tanish, lekin ayni paytda u haqida ko‘p narsa yozilmagan bo‘lishini istardim. Humo qushi ayni muddao edi. Odamlar bu ramz haqida bilishadi, lekin u qadar ko‘p hikoyalar yozilgan emas.”

Ish jarayoni “brainstorming” bilan boshlandi: o‘rtaga g‘oyalar tashlanib, ZOOM orqali uchrashar edik va hamma nimanidir taklif qilar edi. So‘ngra ChatGPT ertaklarning davomini yozar edi.

“Oxirgi bosqichga yetguncha tekshirdik, qayta o‘qidik, “elakdan o‘tkazdik”. Shu bilan birga, nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa mamlakatlardan kelgan bolalarga ham ertak o‘qib berardik. Ularga ham yoqdi. Men jamoaning eng kichigiman, farzandlarim yo‘q, lekin boshqa a’zolarda farzandlar bor, hatto jamoada o‘qituvchilar ham bor edi. Shunday qilib, biz fikr-mulohazalarni to‘pladik, shu asosda kitobni sayqalladik. Masal katta yoshlilar va bolalar o‘rtasidagi muloqot vositasidir, shuning uchun kitobimizni kattalar ham, bola ham o‘qishi mumkin”.

Davom etishni rejalashtiryapsizmi?

Loyiha, deydi mehmon, uzoq muddatga mo‘ljallanmagan: jamoa uchun bu ko‘proq sinov versiyasi, qiziqarli tajriba edi. Bozor haqida o‘ylab ko‘rsangiz, – deya qo‘shimcha qildi Bekzod, u unchalik katta emas, kitob bozori esa to‘xtovsiz qisqarib bormoqda.

 “Ammo biz 12 ta kitob yozdishga ulgurdik va Yekaterina Kudryavtseva tufayli Germaniyada nashriyot topdik. Yekaterina Kudryavtseva 30 yillik tajribaga ega o‘qituvchi, bir nechta kitoblar muallifi, bu borada katta tajribaga ega. U buni o‘z atrofidagi odamlarga ko‘rsatdi va ular ha, g‘oya yaxshi, sinab ko‘rish kerakligini aytishdi.

Shartlarga ko‘ra, bir nechta kitob topshirishimiz kerak edi, chunki nashriyot biror narsani bir marta chiqarishga rozi bo‘lmaydi, turkum kitoblar kerak. Bir vaqtning o‘zida bir nechta asarlarni taqdim etishga kelishib oldik. Humo qushi haqida turkum kitoblar bilan birga boshqa mavzudagi kitoblar ham bor.”

ChatGPT haqidagi fikringiz

Biror kishi tomonidan yozilgan kitob va ChatGPT o‘rtasidagi farqni ko‘rasizmi, degan savolga mutaxassis yo‘q deb javob berdi.

“Men farqni ko‘rmayapman. O‘zim bolaligimda ko‘p ertaklar o‘qiganman, eng sevimli ertagim Vladimir Suteevning "Bir qop olma" ertagi edi. Men bu sohada tajribasiz odam bo‘lganim uchun maslahatlashishim kerak edi. Menga ertaklarning ideal formulasi taxminan bir xil ekanligini aytishdi: u hayvonlar haqida bo‘lishi kerak, bitta yomon va bitta yaxshi qahramon ishtirok etishi lozim. Oxir-oqibat ular do‘st bo‘ladi yoki salbiy qahramon yaxshi bo‘lish kerak ekanligini tushunib o‘zgaradi.”

ChatGPT juda katta hajmdagi bir xil ishni bajarishni osonlashtiradi, deya davom etadi Bekzod.

“Mendan tez-tez u inson/mutaxassis o‘rnini bosa oladimi, deb so‘rashadi. Menimcha, yo‘q. Bu ba’zi jarayonlarni tezlashtiradi va soddalashtiradi. Elektr paydo bo‘lganda, dunyo o‘zgardi. Ilgari, kun deyarli quyosh botishi bilan tugar edi va elektr energiyasining paydo bo'lishi bilan siz ishlashingiz, kun-u tun ish bilan shug‘ullanishingiz mumkin. Ya’ni insoniyat taraqqiyotini tezlashtirdi.

ChatGPT vaqtni tejaydi, ishni osonlashtiradi. Bo‘sh vaqt ko‘p bo‘ladi. Ommaviy optimallashtirish bo‘ladi. Masalan, men hech qachon yozuvchi bo‘lmaganman. Ammo endi men shu ishni qila olaman. Bu ajoyib emasmi? Endilikda odamlarning imkoniyatlari ko‘proq bo‘ladi”.

O‘zbekiston IT sohasi haqida qanday fikrdasiz?

“AKT sohasi juda faol rivojlanmoqda. Bizda deyarli hamma joyda internet bor. Bozor rivojlanmoqda.

Lekin sohani tushunadiganlar kadrlar yetarli emasligini anglaydi. Nafaqat g‘oya borasida, balki boshqa bozorga kirishga ko‘mak beruvchi inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari yetarli emas. Agar startap faqat O‘zbekistonda ishlasa va rivojlanmasa, bu startap emas, bu shunchaki shaxsiy kompaniya. Siz darhol boshqa bozorlarga y kirish usullarini o‘rganishingiz kerak. Lekin ko‘ryapmanki, bizda katta istiqbollar bor va men mamlakatda startap ekotizimining muvaffaqiyatli rivojlanishiga ishonaman”.

Eslatib o‘tamiz, 1-may kuni O‘zbekistonda “President Tech Award” raqamli texnologiyalar yo‘nalishidagi eng ilg‘or startap loyihalarini e’tirof etuvchi tanlov boshlandi. U asosiy va maxsus yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.

Asosiy yo‘nalish quyidagi toifalarda bo‘lib o‘tadi:

• sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalar;

• ijtimoiy sohadagi raqamli texnologiyalar;

• axborot va kiberxavfsizlik sohasidagi texnologiyalar;

• tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar;

• kompyuter va mobil o‘yinlar.

Maxsus yo‘nalish – “Hackathon Grand Prix” bo'lib, u 72 soat ichida raqamli yechim yaratishni ko‘zda tutadi.

Hujjatlar 1-iyulga qadar https://awards.gov.uz/ portal orqali qabul qilinadi. Tanlovda 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar qatnashishiga ruxsat etiladi. Asosiy yo‘nalishlarda faqat O‘zbekiston fuqarolari, maxsus (hakaton) yo‘nalishda esa IT Park rezident kompaniyalari xodimlari bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirok etishi mumkin.

2023-06-02