Endi IT-hamjamiyati Oʻzbekiston haqida biladi: TechCrunch Disrupt 2023 konferensiyasida ishtirok etish nima berdi?

2023-yil 19-21-sentyabr kunlari San-Fransiskoda (AQSh) TechCrunch Disrupt yillik texnologik konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

14 yildan buyon mazkur tadbir butun dunyo boʻylab tadbirkorlar, investorlar va jurnalistlarni texnologiyalar olamidagi soʻnggi tendensiyalarni muhokama qilish maqsadida bir joyga toʻplab keladi.

Muhokamalardan tashqari, TechCrunch Disrupt doirasida startaplar koʻrgazmasi (Startup Alley) va startaplar jangi (Startup Battlefield) ham oʻtkaziladi.

Umuman olganda, tadbir kinematografiya uchun “Oskar” yoki oʻyin-kulgi uchun “Comic-Con” kabi butun sanoat uchun oʻziga xos diqqatga sazovor joy hisoblanadi.

Shuning uchun, hatto startapni taqdim etish yoki muhokamalarda ishtirok etish niyatida boʻlmaganlar ham har yili ushbu tadbirga kelishadi — bu yerda ular sodir boʻlayotgan voqealarni kuzatishlari va venchur investitsiyalar, innovatsiyalar, yangi mahsulotlarni ishlab chiqish va umuman texnologiyalar dunyosida sodir boʻlayotgan yangiliklardan xabardor boʻlishlari mumkin.

Yaqin vaqtgacha Oʻzbekistonni hatto ushbu “hayot bayrami”ning tomoshabini deya atash qiyin edi. Sababi oddiy — mamlakatda startap madaniyati deyarli yoʻq edi va IT sohasiga bo‘lgan umumiy eʼtibor juda koʻp narsani talab qilardi.

Biroq, soʻnggi yillarda bu holat oʻzgarishni boshladi. Mamlakatga venchur mablagʻlari kirib keldi, inkubator va akseleratorlar paydo boʻldi va kundalik hayotdan tortib hukumatgacha barcha darajadagi ITʼga boʻlgan munosabat yaxshi tomonga keskin oʻzgardi.

Bunday sharoitda Oʻzbekiston vakillarining TechCrunch Disruptʼda ishtirok etishi faqat vaqt masalasi edi.

Stendlar, hamkorlik va Digital Silk Road

Har yili yuzlab startaplar Startap Alleyʼga oʻz stendlarini olib kelishadi. Bu kompaniyalar o‘zlari uchun investorlar, hamkorlar va xodimlarni topadigan koʻrgazmaning bir turi.

Pavilyonlar odatda faoliyat sohalari (IOT, qurilma, taʼlim, SI va boshqalar) yoki mamlakatlar boʻyicha boʻlimlarga boʻlinadi.

Bu yil Markaziy Yevroosiyo uchun alohida pavilyon tashkil etilib, unda 14 ta startap, jumladan, bir nechta IT Park rezidentlari oʻzlarini taqdim etdilar:

IMAN INVEST P2P investorlari tomonidan moliyalashtiriladigan mijozlar va sotuvchilarni bogʻlaydigan islomiy moliya tamoyillari asosida ishlovchi PoS yechimini taqdim etdi.

Mohirdev dasturlashni oʻrganish ekotizimini yaratmoqda. Kompaniya, shuningdek, oʻquv markazlari va universitetlarga oʻzlarining dasturlash kurslarini boshlashda yordam berish uchun CRM va LMS tizimlarini yaratdi.

Workly kichik va oʻrta biznes uchun bulutga asoslangan ish vaqtini kuzatish yechimidir. Tizim xodimlarga taʼtil soʻrash, jadval yangilanishlarini olish va daromadlarni kuzatish imkonini beradi.

Shuningdek, stendlarda mamlakat, IT-kompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlar, BPO va IT-autsorsingni rivojlantirish haqida umumiy maʼlumotlar berildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston “Yangi raqamli ipak yoʻli: Markaziy Yevroosiyodan Kremniy vodiysigacha” panel sessiyasida IT Park ijrochi direktori Abdulahad Qoʻchqorov tomonidan BPO va IT-autsorsing uchun yangi hab sifatida taqdim etildi.

Xususan, u xorijlik tadbirkorlik subyektlarini mamlakatimiz hududlarida roʻyxatdan oʻtkazish va yuritishni ancha yengillashtiradigan “Zero Risk” dasturi haqida gapirdi.

Shuningdek, mamlakatning yuqori mehnat salohiyati, yosh IT iqtidorlari orasida ingliz tilini yaxshi bilish darajasi, soliq imtiyozlari va kelajakdagi rejalar (IT eksportini $5 milliardga oshirish, shundan $3 milliard AQShʼdan kelishi kutilmoqda) ham taqdim etildi.

Kuch hamkorlikda

Eʼtiborlisi shundaki, TechCrunch Disrupt konferensiyasida Oʻzbekiston yoki Qozogʻiston alohida emas, balki Moʻgʻuliston, Ozarbayjon, Qirgʻiziston va Tojikistonni ham oʻz ichiga olgan Markaziy Yevroosiyoning butun mintaqasi taqdim etildi.

Bu koʻp jihatdan, vazifasi yangi raqamli ipak yoʻlini yaratish va mintaqa isteʼdodlarini global miqyosda targʻib qilish boʻlgan, Markaziy Yevroosiyolik kompaniya asoschilari va startaplar uchun Kremniy vodiysidagi jamoat maydoni — Silkroad Innovation Hub tufayli amalga oshirildi.

Silkroad Innovation Hub asoschilari, oʻzbekistonlik Asror Arabjanov va qozogʻistonlik Asset Abdualiyevlarning fikricha, ulkan salohiyatga qaramay, mahalliy startaplar dunyo miqyosida yetarlicha namoyon qilinmagan va global venchur kapital bozoridan cheklangan koʻmak olishmoqda.

Darhaqiqat, kuchlarni birlashtirib, tajriba almashishni boshlasak, yaqin 5-7 yil ichida salmoqli natijalarga erishish mumkin.

Silkroad Innovation Hub beshta “yakkashoxlar”, startaplarga kiritiladigan $300 million sarmoya va mintaqadan $1,5 milliardlik IT-xizmatlar eksportini kutish mumkin, deb hisoblamoqda. Hozirda mintaqadagi startaplar soni qanchalik tez oʻsib borayotganini hisobga olsak, bu koʻrsatkichlar avvalgidek aql bovar qilmas darajada koʻrinmaydi.

IT hamjamiyati — yirik kompaniyalar emas

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda imkon qadar koʻproq xorijlik odamlar va kompaniyalarni mamlakatda IT sohasi uchun yaratilayotgan sharoitlardan xabardor qilish uchun jiddiy ish olib borilmoqda.

IT Park vakolatxonalari, Digital Leadership Forum kabi uchrashuv va tadbirlar oʻz samarasini bermoqda, ammo TechCrunch Disruptʼda ishtirok etish alohida ajralib turadi, chunki bu yerda IT-hamjamiyatiga bevosita murojaat qilishga muvaffaq boʻldik.

Bu juda muhim, chunki yirik kompaniyalar boshqa, startaperlar esa boshqa mavzu. Ular — savdo palatalari, hukumatlararo uchrashuvlar, davra suhbatlari, memorandumlar, kosytum va galstuklardan yiroq boʻlgan butunlay boshqa ijtimoiy guruh.

Yaqin vaqtgacha ushbu qatlam ayniqsa qamrovsiz boʻlib qolgandi, ammo endi uni biroz ilgari surish imkoni paydo boʻldi.

Agar Oʻzbekiston haqiqatan ham habga aylanmoqchi boʻlsa, u nafaqat hukumatlar, yirik korporatsiyalar va vatandoshlar bilan, balki mana shunday oddiy “garaj yigitlari” bilan ham ishlashi kerak, chunki ulardan keyinchalik ko‘plab “yakkashox” asoschilari yetishib chiqadi. Muvaffaqiyat tarixi TechCrunch Disrupt bilan boshlangan Dropbox asoschisi Drew Xyuston bunga yaqqol misoldir.

Muallif haqida ma’lumot:

Timurmalik Elmuradov — tahlilchi, R&D mutaxassisi, Moskvadagi “Oliy iqtisodiyot maktabi” magistri.

Skartaris cho‘qqisi” — O‘zbekistondagi biznes, bozor va texnologiyalar haqidagi Telegram-kanal muallifi. Univer Club Family” (Rossiya) kompaniyalar guruhi, Daryo.uz internet nashrida rivojlanish uchun mas’ul bo‘lgan, Spot.uz sayti sobiq rahbari va ta’sischisi.

2023-10-03