“Plug and Play” O‘zbekistonda. Bu nimani anglatadi va ahamiyati nimada?

Kuni kecha Toshkentda “Plug and Play” ofisi ochildi, biroq ushbu innovatsion platforma vakillari O‘zbekistonda bir necha oydan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.

Ushbu vaqt ichida ular mahalliy venchur fondlari bilan bir nechta uchrashuvlar o‘tkazishga va ilk akseleratsiya dasturi uchun startaplarni tanlashga muvaffaq bo‘lishdi.

“Plug and Play”bosh vazifasi ham shunda - startaplar uchun akseleratsiya dasturlarini ishga tushirish, ularni venchur fondlari va korporatsiyalar bilan bog‘lash.

2006-yilda ishga tushirilgandan buyon platforma turli mamlakatlardan 35 ta startapga “unicorn” ya’ni “yakkashox” kompaniyaga aylanishga yordam berdi.

“Plug and Play” kerakli joyga kerakli vaqtda keldi va tez orada ularga O‘zbekistonda ishlab chiqilgan loyihaqo‘shilishi mumkin.

“Plug and Play”ning o‘ziga xos xususiyati nimada va u OTKMK misolida qanday ishlaydi

Ko‘pgina akseleratorlar o‘xshash sxema bo‘yicha ishlaydi, ya’ni ular tajriba va mentorlikdan foydalanish orqali startapga mahsulot yaratish va brendni rivojlantirishga yordam beradi.

Buning evaziga unga, odatda, kompaniyadagi ulush beriladi.Keyinchalik uni qimmatroq narxda qayta sotish mumkin.

Biroq, “Plug and Play” boshqacharoq ishlaydi.U bir-biriga muhtoj bo‘lgan startap va korporatsiyalarni bog‘laydi.

Ko‘pgina yirik kompaniyalar jarayonlarni avtomatlashtirish, xarajatlarni kamaytirish va rivojlanishning yangi nuqtalarini izlash zarur bo‘lgan o‘sish bilan bog‘liq muammoga duch keladi.

Buning uchun korporatsiya yoki innovatsiyalarni o‘zi mustaqil ravishda yaratishi mumkin (qimmat va ko‘p vaqt talab qiladi), yoki ba’zi bir startap ishlanmalaridan foydalanish mumkin.

Ammo bunday startapni qayerdan topsa bo‘ladi? U korporatsiyaga mos keladimi? Texnologiyasi amalda tadbiq etishga tayyormi?

Aynan mana shu nuqtada o‘rtaga“Plug and Play”tushadi. Akselerator muammoga duch kelgan korporatsiyani istiqbolli yechimga ega bo‘lgan startap bilan bog‘laydi.

Nafaqat mablag‘ jalb qilish, balki texnologiyani korporatsiya ichida sinab ko‘rish imkoniyati – akseleratorning asosiy afzalligidir. Negaki shu tariqa startap o‘z innovatsiyasining bozor ehtiyojlariga muvofiqligini har tomonlama va tezkor ravishda tekshirib ko‘radi.

Bunga qanday korporatsiyalarning ehtiyoji bor? Misol

Mart oyida “Plug and Play” vakillari Olmaliq tog‘-konmetallurgiya kombinati (OTKMK)da uchrashuv o‘tkazishdi.

Har qanday yirik korxona singari, kombinatuchun ham mavjud jarayonlarni soddalashtiradigan, osonlashtiradigan va tezlashtiradigan innovatsiyalar qiziqarli.

“Plug and Play”ning turli davlatlardan iborat startaplari mazkur yechimlarning bir qanchasini taqdim etdi.

Ular rudani qayta ishlash, avtomatlashtirish, ma’lumotlar oqimini qayta ishlash, ob-havo prognozi, sanoatda ishlatiladigan suv tahlili va boshqa mavzularni o‘z ichiga olgan.

OTKMK mutaxassislari ushbu yangiliklarga qiziqish bildirishdi va tomonlar muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar.

“Plug and Play” akseleratsiya dasturi O‘zbekistondagi startaplarga nima beradi

2022-yilda “Plug and Play” O‘zbekistondagi ilk akselerator dasturiga qabul ochdi.

120 dan ortiq loyiha ishtirok etish uchun ariza yuborib, ulardan 16 tasi tanlab olindi.Hozirda ishlayotgan loyihalar (Didox, BotCommerce va boshqalar) yangi bosqichga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Umuman olganda, “Plug and Play”akseleratorining beshta asosiy afzalligi mavjud:

1. Tajriba/ekspertiza.

“Plug and Play”o‘zida yuksak tajribaga ega yuqori darajali amaliyotchi ham nazariyotchi mutaxassislarni birlashtiradi. Ularning aksariyati bozorning talabi va oqsayotgan jihatlaridan yaxshigina xabardor.

Startap katta tajribaga ega bo‘lgan ekspertlardan qay yo‘sinda rivojlanish maqbulroq, qayerda ko‘proq salohiyat va istiqbollar bor, nimani yaxshilash kerakligi haqida qimmatli maslahat olish huquqiga ega bo‘ladi.

Mahsulot gipotezasini baholashda kuchli mentorlarga ega bo‘lish juda foydali, chunki startap asoschilari, odatda,“bunday tajribaga egamiz” deb aniq ayta olishmaydi.

2. Katta kompaniyaga kirish imkoniyati.

“Plug and Play” butun dunyo bo‘ylab korporatsiyalar bilan ish olib boradi, bu esa startapga ulardan biriga o‘z ishlanmalarini taklif qilish imkonini beradi.

Agar OTKMK misoliga qaytadigan bo‘lsak, startap uchun innovatsiyalar bo‘yicha kombinat direktori qabuliga kirish bir qadar muammoli.

Biroq agar startap “Plug and Play”da akseleratsiyadan o‘tgan bo‘lsa, uning oldida turli korxonalarning eshiklari ochiladi.

Masalan, O‘zbekistondagi hamkorlardan biri “Aloqabank” bo‘lib, u moliya va bank ishi sohasidagi yangi texnologiyalarga doimo qiziqish bildiradi.

3.Investitsiyalarni jalb qilish imkoniyati.

Har yili “Plug and Play” venchur jamoasi butun dunyo bo‘ylab 260 dan ortiq startaplarga sarmoya kiritadi.

Bundan tashqari, platformaning 300 ta venchur fondi misolida sherigimavjud, ekotizim hajmi 7 milliard AQSH dollaridan oshadi.

Akseleratsiyadan o‘tgan startaplar platformaning o‘zidan yoki hamkorlaridan investitsiyalarni jalb qilish uchun yaxshi imkoniyatga ega.

Masalan, O‘zbekistondagi hamkorlardan biri “Aloqa Ventures” venchur fondi 10 ta startapni moliyalashtirishga ulgurdi.

4. Networking.

Akseleratsiya jarayonida startap mentorlar, mutaxassislar va boshqa loyihalar vakillari orasida bo‘ladi.

Bu unga tajriba va fikr almashish, yangi aloqalar o‘rnatish, tanishlar orttirish imkonini beradi.

Tarmoqlar tezkor ravishda xodimlar, mijozlar va mablag‘topish, qo‘shma loyihalarni boshlash va hamkorlik qilish imkonini beradi.

5. Infratuzilma.

Eng ahamiyatli va qimmatli imtiyozlardan biri.

Akseleratsiya davomida va hatto undan so‘ng ham startap “Playbook” platformasidan foydalanish huquqiga ega. U orqalimentorlar bilan aloqada bo‘lish, turli tadbirlar va tashabbuslarda ishtirok etish mumkin.

“Playbook”da yirik korporatsiyalarning kompaniyalarni tanlash jarayonini kuzatib borish mumkinligi, ayniqsa, foydali. Bu barqaror savdo kanali va mijozlar manbayi demakdir.

“Plug and Play”  O‘zbekistonda — “kerakli vaqtdakerakli joyda”

O‘zbekistonda IT-bum kuzatilmoqda.

Buni 2022-yil yakunlari va eksport hajmining o‘sishi hamda venchur kapitalining mamlakatga kirib kelishidan ham ko‘rish mumkin. 2023-yilning qanday boshlangani fikrimizning yana bir tasdig‘idir.

Startaplar soni ko‘payib, mahalliy kompaniyalar faol o‘sib bormoqda. Ular bir-biriga yordam berishi mumkin, biroq bozor haliyetarli darajada rivojlanmagan.

O‘zbekistondagi startaplar kerakli texnologiyaga ega bo‘lsa ham ularning g‘oyalarni to‘g‘ri yo‘nalishda olib borish tajribasiga egaligi dargumon.

Kompaniyalar, o‘z navbatida, qaysi startap ularga oqsayotgan nuqtalariga yechim topishda yordam berishi mumkinligini to‘liq anglab yetmagan.

Bunday sharoitda ikki tomonni birlashtiradigan, biriga yordam berib, ikkinchisiga yo‘l ko‘rsatadigan tajribali, tadbirli va uzoqni ko‘ra oladigan ekspert lozim.

“Plug and Play” ushbu talablarga juda mos keladi. Platforma vakillari startaplarga maqsad va yo‘nalishlarni tushunib olish, innovatsiyalarga muhtoj kompaniyalarni topish va loyihalarni rivojlantirish uchun mablag‘ ajratish kabi masalalarda yordam beradigan mentorlarnitayinlashi mumkin.

Startaplar, kompaniyalar, insonlar, pul - bularning barchasi O‘zbekistonda paydo bo‘lmoqda, lekin ular alohida elementlar emas, balki ekotizimning bir qismi bo‘lishi lozim.

Shunday ekan, 40 000 dan ortiq startaplarni, dunyoning 500 dan ortiq yetakchi korporatsiyalarini, shuningdek, universitetlar, davlat idoralari va venchur fondlarini birlashtirgan “Plug and Play” borligi ayni muddaodir

2023-06-03