ICT WEEK Uzbekistan 2025: texnologiyalar haftaligining asosiy yakunlari

Toshkentda yilning eng muhim IT-tadbiriga aylangan “ICT WEEK O‘zbekiston 2025” bo‘lib o‘tdi. Unda IT Park Uzbekistan asosiy tadbirlarning tashkilotchisi va hamtashkilotchisi sifatida ishtirok etdi. Haftalik milliy texnologiya sektorining o‘sish sur’atini va uning jahon ekotizimiga integratsiya jarayonini namoyish etdi.

IT Park Uzbekistan tomonidan tashkil etilgan “ICT WEEK O‘zbekiston 2025” doirasidagi tadbirlarda 1500 nafardan ortiq kishi qatnashdi. Ular orasida dunyoning 87 mamlakatidan kelgan 850 dan ziyod xorijiy kompaniya va tashkilot vakillari bor edi. Hafta davomida xalqaro forumlar va sammitlardan tortib, seminarlar va B2B-uchrashuvlargacha bo‘lgan o‘nlab tadbirlar o‘tkazildi.

Hafta yakunida AQSh, Eron, Koreya, Qozog‘iston, Iordaniya va Estoniyalik hamkorlar bilan 9 ta xalqaro memorandum imzolandi, 896 200 dollar miqdoridagi investitsiya hujjatlari rasmiylashtirildi hamda venchur fondlari bilan muzokaralar doirasida 10 million dollarlik kelishuvlarga erishildi.

20 dan ortiq xorijiy kompaniya O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochish niyatini bildirdi. “One Stop Shop” dasturi esa allaqachon Kanada, Buyuk Britaniya, Koreya, BAA, Ummon, Turkiya, Hindiston, Gruziya, Misr va MDH mamlakatlaridan bo‘lgan 15 ta yangi xorijiy rezidentni jalb qildi. Ular 1000 dan ortiq ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda.

Mintaqaning texnologik integratsiyasi

Haftaning vizual ramzlaridan biri “Yevrosiyo texnoparklari” stendi bo‘ldi — IT Park Uzbekistan (IT Park Capital, IT Park Ventures, IT Park University, Enterprise Uzbekistan), “Astana Hub” (Astana Hub Ventures, Tomorrow School), “High Technology Park of the Kyrgyz Republic” (AI Academy, IPROFI.PRO), “Innovation and Digital Development Agency of Azerbaijan” (Recepta, Adviad, DMP) hamda “Startup Academy of Turkmenistan” (Kinestex) tashkilotlarining qo‘shma loyihasi.

Ushbu maydonda mintaqadagi startaplar va texnoparklar o‘z dasturlari va mahsulotlarini taqdim etib, Yevroosiyoning yagona raqamli makoni poydevorini shakllantirishdi.

Shu bilan bir vaqtda, “Tech Alliance” rezidentlar xiyoboni ham faoliyat ko‘rsatdi. Bu yerda IT Park’ning 17 ta rezident kompaniyasi o‘zlarining autsorsing va BPO yechimlarini namoyish etdi. Aynan shu yerda IT Park’ning “BPO Community” tashabbusi — O‘zbekistonni raqamli xizmatlar autsorsingi sohasida ishonchli hamkor sifatida targ‘ib qilish bo‘yicha yangi dastur taqdim etildi.

Chegarasiz autsorsing

“Shared Services & Offshore Outsourcing 2025” konferensiyasida mutaxassislar O‘zbekistonning qanday qilib yangi global autsorsing markaziga aylanganini muhokama qildilar. IT Park rezidentlari uchun kadrlar salohiyati, soliq imtiyozlari va viza afzalliklariga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiyaning ikkinchi kuni amaliy tus oldi. IT Park mutaxassislari xorijiy kompaniyalar vakillariga O‘zbekistonda biznesni qanday tezda yo‘lga qo‘yish mumkinligini — yuridik shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazishdan tortib bank operatsiyalarigacha bo‘lgan jarayonlarni tushuntirib berdilar.

Format taqdimotlar, amaliy tavsiyalar va jonli muloqotni o‘z ichiga oldi. Ko‘plab kompaniyalar uchun bu O‘zbekistonda biznesni yo‘lga qo‘yishdagi real qadamlar va muammolarni oldindan muhokama qilish imkoniyatiga aylandi.

O‘zbekiston–Yaponiya: ta’lim va eksportga e’tibor

“Uzbekistan–Japan ICT Forum” davomida ishtirokchilar IT-autsorsing va yapon tilida so‘zlashuvchi mutaxassislarni tayyorlash masalalarini ko‘rib chiqdilar. Toshkentda Yaponiya bozori uchun IT-mutaxassislarni tayyorlaydigan ta’lim markazini tashkil etish g‘oyasi alohida qiziqish uyg‘otdi. Ushbu tashabbus nafaqat kadrlar loyihasi, balki Markaziy va Sharqiy Osiyo o‘rtasida ko‘prik yaratuvchi raqamli diplomatiyaning bir qismiga aylanadi.

Geymdev: mahalliy studiyalardan global intellektual mulkka

“Game GAP 2025” forumida “Tencent”, “Voodoo”, “Grimore Entertainment”, “East Games” va boshqa yetakchi o‘yin studiyalari vakillari ishtirok etdi. Asosiy e’tibor mustaqil ishlanmalarning kelajagi, sun’iy intellektning o‘rni va o‘zbek o‘yinlarining jahon bozoriga chiqish istiqbollari haqidagi muhokamalarga qaratildi.

Tadbir yakunida to‘rtta kompaniya: “Hello World”, “BeNice Games”, “RedBall Dynamics” va “IndieGO” O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochishini ma’lum qildi.

Mahalliy studiyalar uchun bu ishora: O‘zbekiston nafaqat autsorsing-dasturlash maydoni, balki jahon bozorida raqobatlasha oladigan original mahsulotlar va intellektual mulk manbai bo‘lishi mumkin.

Koreya bilan texnologik hamkorlik

“Uzbek-Korean BPO Forum” tadbirining asosiy maqsadi BPO yo‘nalishini nafaqat eksport tarmoqlaridan biri sifatida, balki ikki mamlakat o‘rtasidagi texnologik hamkorlikning asosi sifatida namoyish etishdan iborat edi.

Natijalar o‘z-o‘zidan gapiradi: 6 ta kelishuv, 3 ta sinovdan o‘tayotgan autsorsing loyihasi va 3 ta memorandum — IT Park Uzbekistan bilan DGICT, KIBWA o‘rtasida, shuningdek, “VERYWORDS” bilan “IT Hub Samarkand” o‘rtasida imzolandi.

Forum O‘zbekistonning ijrochi rolidan hamkorlikka asoslangan rivojlanish modeliga o‘tishini ko‘rsatdi. Bunda xalqaro hamkorlar biznesni “mamlakatda” emas, balki mamlakat bilan birgalikda yuritmoqda.

Venchur kapitali va startap ekotizimi: raqamlar strategiyaga aylanganida

“Startup & Venture” sammiti investorlar, startaplar va korporatsiyalarni o‘ziga jalb qiluvchi markaziy nuqtaga aylandi. Aynan shu yerda O‘zbekiston venchur ekotizimi shakllanish bosqichidan kengayish bosqichiga o‘tganligi yaqqol namoyon bo‘ldi.

Xalqaro “Dealroom” platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston startap ekotizimining qiymati 13 barobarga oshib, 3,9 milliard dollarga yetdi. Sammitda mamlakatning eng yaxshi 30 ta startapi taqdim etildi va Uzbekistan.dealroom.co ekotizimining global ko‘rgazmasi ishga tushirildi.

Yevropaning “DOMiNO Ventures” jamg‘armasi O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi birinchi 20 million dollarlik xalqaro venchur fondini ishga tushirganini e’lon qildi. “UzVC” ushbu fondning asosiy investori bo‘ldi.

“AloqaVentures” 750 ming dollarlik bitimlarni taqdim etdi, “IT Park Ventures” esa “Amazon” grantlari va bulutli xizmatlariga kirish imkonini beruvchi “AWS Activate” bilan hamkorlikni e’lon qildi.

Forum doirasida “United Ventures” bilan “Astana Hub Ventures” o‘rtasida, shuningdek, “United Ventures” bilan “Yoshlar Ventures” o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Bu Markaziy Yevrosiyoda yagona venchur tizimini yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

“Cross-Border Capital Dialogues” davra suhbati alohida e’tiborni jalb etdi. Unda 45 ta fond, jumladan 25 ta xalqaro investor va biznes farishtalar ishtirok etdi. Suhbatda hamkorlikda sarmoya kiritish mexanizmlari, transchegaraviy fondlarni shakllantirish va o‘zbek startaplarining xorijiy bozorlarga chiqish yo‘llari muhokama qilindi.

Shuningdek, B2B-uchrashuvlar sessiyasi o‘tkazildi. Unda 70 dan ortiq startap 20 dan ziyod akselerator, hab, maslahatchi va korporatsiyalar bilan uchrashdi. Natijada 5 ta dastlabki hamkorlik shartnomasi imzolandi va o‘nlab yangi aloqalar o‘rnatildi. Bu aloqalar yaqin oylarda bitimlarga aylanishi mumkin.

Asosiy e’lonlardan biri 2026-yil bahorida Toshkentda AQSh, Singapur, Koreya, BAA va butun mintaqadan investorlar ishtirokida “Central Eurasian Venture Forum” o‘tkazilishi bo‘ldi.

Bundan tashqari, “ICT WEEK 2025” doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov xorijda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik startap asoschilari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

Tadbirda boshqa mamlakatlarda o‘z loyihalarini muvaffaqiyatli rivojlantirayotgan 10 nafar o‘zbekistonlik ta’sischi ishtirok etdi. Uchrashuv yakunida ular O‘zbekistonda bek-ofislar ochish va mahalliy mutaxassislarni yollashga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Bu orqali ular milliy IT-ekotizimni rivojlantirishga hissa qo‘shish, xizmatlar eksportini rag‘batlantirish hamda global va mahalliy texnologik hamjamiyatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashni maqsad qilganlar.

Clash of Startups: yangi ta’sischilar to‘lqini

Haftaning eng yorqin hodisalaridan biri 130 dan ortiq jamoa ishtirok etgan “Clash of Startups: Tashkent” pitch-musobaqasi bo‘ldi. Finalga yetib kelgan 11 ta startap o‘z loyihalarini “IT Park Ventures”, “DOMiNO Ventures”, “MOST Holding”, “AloqaVentures” va boshqa yetakchi venchur fondlari hamda biznes farishtalar vakillaridan iborat hakamlar hay’atiga taqdim etdi.

“IT Park Ventures” tomonidan taqdim etilgan 50 000 AQSh dollari miqdoridagi mukofot jamg‘armasi uch loyiha o‘rtasida taqsimlandi:

MoonAi — $25 000, ma’lumotlarni tahlil qilish va avtomatlashtirish uchun sun’iy intellekt yechimlari;
GetMobi — $15 000, mobil marketingni optimallashtirish platformasi;
Femmy — $10 000, ayollar salomatligi sohasidagi startap.

Uchala loyiha ham allaqachon investorlar va akseleratorlar bilan muzokaralarni boshlagan bo‘lib, xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Global Startup Awards: O‘zbekiston tarixga kirgan yil

“ICT WEEK” doirasidagi eng katta yutuq Qozog‘iston va Qirg‘izistondan tortib Pokiston va Mo‘g‘ulistongacha bo‘lgan 8 ta mamlakatdan jamoalarni birlashtirgan eng yirik xalqaro tanlov — “Global Startup Awards” musobaqasining mintaqaviy finali bo‘ldi. Mintaqalar ishtiroki tarixida birinchi marta O‘zbekiston rekord darajadagi mukofotlarni qo‘lga kiritib, asosiy g‘olibga aylandi.

G‘oliblar qatorida:

Ecosystem Hero of the Year — Rahimaxon Nugmanova (O‘zbekiston)
Best Fintech Startup — MoliyAI (O‘zbekiston)
Investor of the Year — UzVC (O‘zbekiston)
Startup of the Year — Hyper APP (O‘zbekiston)
People’s Choice Award — EDU AI (O‘zbekiston)
Best Green Tech Startup — CATEXTRA (O‘zbekiston)
Founder of the Year — Akmaljon Musayev (O‘zbekiston)
Best Newcomer — OINA AI (Qozog‘iston)
Best Health Tech Startup – Aidentis (Qozog‘iston)
Best Acceleration Program – KBTU (Qozog‘iston)
Diversity Role Model of the Year – Assem Bolatjan (Qozog‘iston)
Best Coworking Space – Ololo (Qirg‘iziston)
Best Youth Startup – Coursemon (Pokiston)

G‘oliblar endi Kopengagenda o‘tkaziladigan global finalda o‘z mamlakatlarini taqdim etib, dunyoning eng yaxshi startaplari bilan bellashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Web Summit diqqat markazida: Toshkent yangi texnologik muloqot markazi sifatida

27-sentyabr kuni Toshkent tarixga kirdi — u MDHdagi birinchi shahar sifatida dunyoning eng nufuzli texnologik tadbirlaridan birining yirik tarmog‘i — “Web Summit Spotlight”ni qabul qildi. Tadbir 400 dan ortiq ishtirokchini, jumladan, 30 dan ortiq mamlakatdan kelgan 90 nafar xalqaro ekspert, investor va korporatsiyalar vakillarini jamladi.

“Startup Alley” tadbirida 20 ta startap o‘z yechimlarini taqdim etdi, forum ma’ruzachilari esa “Plug and Play Tech Center”, “Google for Startups”, “Golden Gate Ventures”, “Rasmal Ventures”, “GB Ventures”, “La French Tech Warsaw”, “Endeavor AI”, “Heartfelt Ventures”, “Domino Ventures”, “Topham Guerin”, “Snoonu” va boshqa jahon brendlari vakillari bo‘ldi.

Panel sessiyalarida jahon texnologiya sanoatining kun tartibini belgilaydigan asosiy mavzular muhokama qilindi:

— venchur investitsiyalarining global tendensiyalari va ularning rivojlanayotgan bozorlarga ta’siri;
— xalqaro korporatsiyalarning yangi bozorlarga chiqish strategiyalari;
— Markaziy Osiyoning jahon texnologiya zanjirida tutgan o‘rni;
— sun’iy intellekt, kengaytirilgan reallik (XR) va korporativ innovatsiyalar.

Ma’ruzachilar bir fikrga kelishdi: Yevroosiyo yangi o‘sish markaziga, O‘zbekiston esa uning texnologik yadrosiga aylanmoqda. Tartibga solish islohotlari, IT Park ekotizimi va xorijiy kompaniyalar uchun ochiqlik mamlakatni xalqaro texnologik sarmoya uchun “yangi joziba markazi”ga aylantiruvchi asosiy omillar sifatida ta’kidlandi.

Investors Room: sarmoya harakatga kelmoqda

“Investors Room” formati “ICT WEEK” haftaligining eng kutilgan sessiyalaridan biriga aylandi — startaplar va investorlar o‘rtasidagi tezkor pitchlar haqiqiy kelishuvlarga aylandi. 250 ta ariza orasidan O‘zbekiston, Yevropa, AQSh va Yaqin Sharq mamlakatlarining 28 ta venchur fondlari va biznes farishtalariga loyihalarini taqdim etgan 55 ta startap tanlab olindi.

Sessiya ikki yo‘nalishda o‘tkazildi:

Alpha — 19 ta fond va biznes farishtalarining ishtirokida 50 ming dollardan 500 ming dollargacha bo‘lgan investitsiyalar: UzVC, SQB Ventures, AloqaVentures, IT Park Ventures, Yoshlar Ventures, Imkon Ventures, Sarmo Ventures, Togo-X Capital, Sabah Fund, CS Angels Club, Fuad Tagiyev, AV Ventures, Yellow Rocks VC, Caucasus Ventures, Doha Tech Angels, Tanay VC, Big Sky Capital, Oxora, Orbit Startups;

Beta — 25 million dollargacha bo‘lgan investitsiyalar, bunda 9 ta fond ishtirok etdi: AloqaVentures, Sturgeon Capital, Most Ventures, Alchemist Doha, Golden Gate Ventures, Yandex, AUIC, Purple Ventures va Heartfelt Capital.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra, “Yoshlar Ventures” jamg‘armasi uchta loyihaga sarmoya kiritdi: “Inter AI” (38 ming dollar), “Hisobchi AI” (37,5 ming dollar) va “Educoin” (20,7 ming dollar). Bundan tashqari, ikkita loyiha uchun 10 million dollarlik yumshoq majburiyatlar olindi. 10 dan ortiq startaplar venchur fondlari ofislarida muzokaralarni davom ettirish uchun taklif qilindi.

Global fikrlash — o‘zbek tadbirkorlarining yangi ko‘nikmasi

Yirik forumlar va investorlar uchrashuvlaridan tashqari, “ICT WEEK Uzbekistan 2025” amaliy seminarlar bilan ham e’tiborni tortdi. Ular mahalliy ekotizim nafaqat investitsiyalarni jalb qilishni, balki jahon standartlari asosida ishlashni ham o‘rganayotganini ko‘rsatdi.

Birinchi tadbir “Startup Garage”da o‘tkazilgan “Investor Readiness: How to Attract Investments from Global Funds” intensiv kursi bo‘ldi. Unda boshlang‘ich startaplardan tortib tajribali asoschilargacha bo‘lgan 100 dan ortiq ishtirokchi turli bozorlarda investorlar bilan munosabatlarni qanday o‘rnatishni o‘rgandilar.

“Silkroad Angels Club”, “Academia Park London”, “Lumia Partners” va “Heartfelt Ventures” mutaxassislari AQSh, Yevropa va Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan mablag‘ jalb qilish tajribasi haqida so‘zlab berdilar.

Ta’lim yo‘nalishining yakuniy qismi “School 21” kampusida 400 dan ortiq ishtirokchini jamlagan “Founders without Borders: How to Create Scalable Startups” nomli keng qamrovli amaliy seminar bo‘ldi.

“Stanford” va Silikon vodiysidan kelgan uch nafar mutaxassis, “Stanford Continuing Studies”, “Crunchbase” va MIT vakillari kengaytirish strategiyalari, xalqaro investitsiyalar va global bozorlar uchun mahsulot-bozor muvofiqligini topish haqida ma’ruza qildilar.

Har ikkala amaliy seminar ham ekotizim rivojlanishining yangi bosqichi ramziga aylandi: mahalliy startaplardan global miqyosda fikrlaydigan kompaniyalarga o‘tish.

“ICT WEEK Uzbekistan 2025” shunchaki konferensiyalar turkumi emas. Bu — mamlakatning yangi raqamli qiyofasini namoyon etishdir. So‘nggi yillarda mamlakat kuzatuvchidan yaratuvchiga, texnologiya iste’molchisidan ishlab chiqaruvchiga va jahon yetakchilarining hamkoriga aylandi.

Biznes uchun bu hafta kuchli ishonch belgisi bo‘ldi: xalqaro kompaniyalar mahalliy bozorga qiziqishini tasdiqlamoqda, startaplar esa mablag‘ga yo‘l ochmoqda. Fuqarolar uchun bu yangi voqelik: IT sohasi tor doiradan chiqib, ish o‘rinlari va eksportni yaratadigan iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biriga aylanmoqda.

Tadbirlarning axborot hamkorlari: Aniq.uz, Daryo.uz, Frank.uz, Kursiv.uz, Nova 24, The Tech, UzbekFintech, Weproject, Vzglyad.uz, Oriat Dono radiostansiyasi.

2025-10-08